"EkoHaber" gazetasi: O‘zbekiston – Markaziy Osiyo yuragi

"EkoHaber" gazetasi: O‘zbekiston – Markaziy Osiyo yuragi

Turkiyaning «EkoHaber» gazetasi bugungi sonida «Yaxshi qo‘shnichilikda O‘zbekiston modeli» sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.

Mazkur materialda A.Baklan, jumladan, quyidagilarni bayon etgan: «O‘zbekistonning nomi so‘nggi vaqtlarda xalqaro maydonda tez-tez yangramoqda, ayniqsa, 2016 yildan mamlakatda yangi Prezident Shavkat Mirziyoyevning saylanishi bilan har bir sohada yangicha siyosat olib borila boshlandi. Avvallari nisbatan yopiq bo‘lgan O‘zbekiston so‘nggi to‘rt yilda o‘z imijini tubdan o‘zgartirdi, xalqaro munosabatlarning faol ishtirokchisiga aylandi, ham mintaqaviy, ham dunyo miqyosida endilikda «Yangi O‘zbekiston» sifatida qabul etilmoqda».

«Mintaqaning markazida joylashgan va Markaziy Osiyoning har bir mamlakati ila umumiy chegaralarga ega bo‘lgan o‘lkaning mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashdagi o‘rni beqiyosdir, – deydi Faxriy konsul. – Bugungi kunda mazkur mamlakat 35 millionga yaqin aholisi bilan aholi zichligi jihatidan mintaqada birinchi, Turkiy kengash davlatlari orasida esa ikkinchi o‘rindadir».

Material intihosida, muallif O‘zbekistonning Bursa shahridagi faxriy konsuli fikrlariga murojaat qiladi. «O‘zbekistonni «Markaziy Osiyoning yuragi» deb ta’riflash mumkin, - deydi Ali Baklan o‘z munosabatida. - O‘zbekiston so‘nggi yillarda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari jihatidan namunaviy mamlakatga aylangan, deb bemalol ayta olamiz.

O‘zbekistonning do‘stona va bag‘rikeng munosabati tinchlik va osoyishtalikni yanada mustahkamlamoqda. Natijada mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi ortmoqda.

Markaziy Osiyo tinchligi – butun Yevrosiyo uchun muhimdir. Xitoy va Yevropa o‘rtasidagi transport va tranzit koridorlarining rivojlanishi Markaziy Osiyo manfaatlariga ham javob beradi.

Bu jarayondan Turkiya ham o‘z ulushini oladi. Boku-Tbilisi-Kars temir yo‘lining strategik ahamiyati yanada oshadi. Bularning barchasi tarixiy ildizlari bir bo‘lgan Turkiy respublikalar o‘rtasidagi hamkorlik va integrasiya jarayonini tezlashtiradi».

 

 

manba: Muslum.uz