IMOM MOTURIDIY NAZDIDA RATSIONAL OVQATLANISH TARTIBI

IMOM MOTURIDIY NAZDIDA RATSIONAL OVQATLANISH TARTIBI

 

Ratsional ovqatlanish inson uchun muhim mavzulardan sanaladi. Chunki, insonning baxtli turmushi hamma narsadan avval uning vujudi sog‘ ekaniga bog‘liqdir. Shundan kelib chiqqan holda ota-bobolarimiz “Har narsaning boshi sog‘liq” deyishgan. Shu o‘rinda inson o‘z sog‘lig‘i uchun halol va toyyibat (pokiza) sanaluvchi narsalarni iste’mol qilishi muhim hisoblanib, bu borada bir qator oyat va hadislar mavjud. Darhaqiqat, Qur’oni karimda toyyibat/pokiza atamasi turli siyg‘alarda ellikta o‘rinda keladi va bu o‘rinlarda Alloh taolo insonlarga halol va pokiza sanalgan yeguliklar iste’mol qilishni buyuradi. Misol uchun, Baqara surasining 57-oyatida “Rizq qilib bergan narsalarimizning poklaridan yenglar” deb buyurilgan. Shuningdek, Baqara surasi 168, Moida surasi 4 va 88, Naxl surasi 113-oyatlarida ham insonlarga halol va pokiza narsalarni yeyish amr etilgan. Payg‘ambar alayhissalom ham bir qator hadisi shariflarida bu masalaga alohida e’tibor qaratish lozimligini takidlaganlar. Masalan, hadis kitoblarida u zotning “Alloh pokdir, faqat pokni qabul qiladi” deb marhamat qilganlari, har narsaning eng yaxshisi va eng go‘zalini sevganlari, o‘zlariga hadiya qilingan chiroyli, toza va lazzatli narsalarni zuhd sabab rad etmaganlari ham rivoyat qilingan. Shu o‘rinda dunyo musulmonlarining yarmi uchun aqidada imom sanaluvchi Imom Moturidiy ham “Ta’vilotul Quron” nomli tafsirida toyyibat (pokiza) tushunchasi bo‘yicha juda muhim va qiziqarli sharhlar keltirgan. Darhaqiqat, u o‘z tafsirida insonlar yeb-ichayotgan narsalarining halol-haromligi bilan birga o‘sha narsalarning pokligiga ham e’tibor berishlari lozimligini ta’kidlaydi. Biroq, bugungi kunda halol va harom nima ekani ozmi-ko‘pmi ma’lum bo‘lsa-da, toyyibat (pokiza)dan murod nima ekani yetarlicha anglashilmayapti. Ushbu maqolada mavzuni yanada oydinlashtirish uchun Imom Moturidiyning toyyibat atamasini qanday izohlagani qalamga olindi. Bu bilan esa insonlarning sog‘lom ovqatlanishlari asosida ularning yanada baxtli hayot kechirishlariga yordam berish maqsad qilindi.

Toyyibat so‘zi lug‘atda “yoqimli va mazali bo‘lish” ma’nosidagi tib (tob) o‘zagidan kelib chiqqan bo‘lib, sezgilar va nafslar undan zavqlanadigan, ular go‘zal, yoqimli va mazali deb topgan narsalarga, xususan, shu turdagi yeyiladigan narsalarga ishora qiladi. Bundan tashqari, ushbu tushuncha “yaxshi so‘zlar, serhosil va toza er, pokiza ayollar, xavfsiz shaharlar, xushbo‘y hidlar, mazali taomlar, toza suv, nasli pok oila, halol daromad”, “Toza va foydali bo‘lgani uchun inson tabiatiga yoqadigan, aql va din qabul qiladigan narsalar haqidagi Qur’on ta’biri”, “qonuniy yo‘l bilan qo‘lga qiritilgan va ruxsat etilgan me’yorlarda iste’mol qilinadigan yegulik” kabi ma’nolarni anglatadi.

Imom Moturidiyning so‘zlariga ko‘ra, toyyibat deganda har qanday xushta’m, yoqimli, mazali va sog‘liq uchun foydali narsalar tushunilgani kabi, bu so‘z Alloh tuproqdan chiqargan eng mazali va eng totli taom ma’nolarini ham ifodalaydi. Boshqa tomondan olganda, Imom Moturidiy, yeguliklarni halol va halol bo‘lmagan, pok va pok bo‘lmagan deya ikki turga ajratgan. Unga ko‘ra, Alloh insonlarni halol va toza yeguliklardan, ya’ni toyyibatdan yeyishga buyurgan.

Imom Moturidiyning “Ta’vilatul-Qur’on” deb nomlangan tafsirida toyyibat tushunchasi haqida aytgan fikrlarini oltita qismga bo‘lib, umumlashtirish mumkin. Unga ko‘ra Qur’ondagi toyyibat tushunchasi:

  1. Harom emas, balki halol taomlarni iste’mol qilishni anglatadi.
  2. Tabiiy/organik narsalarni iste’mol qilishni anglatadi.
  3. Eng toza, eng yaxshi, eng foydali yeguliklarni yeyishni anglatadi.
  4. O‘zingizga yoqadigan mazali va foydali taomlarni iste’mol qiling, demakdir. Tarkibida sog‘liq uchun zararli moddalar mavjud bo‘lgan, sizga zarar yetkazadigan va sizni kasal qiladigan yeguliklarni emas, sog‘lig‘ingizga zarar yetkazmaydigan ozuqalarni iste’mol qiling, demakdir.
  5. Inson o‘z tabiatiga eng mos bo‘lgan va eng mazali taomlarni iste’mol qilishi kerak, deganidir.

Imom Moturidiyning so‘zlariga ko‘ra, inson halol bo‘lgan, o‘z organizmiga eng mos keladigan va eng foydali narsalarni yeb-ichishi Allohning buyrug‘idir. Shuning uchun bundan quyidagicha xulosa qilish mumkin: taomlarni yaxshilab pishirib yeng, meva va sabzavotlarni esa pishganlaridan tanlab yeng.

  1. Organizm qancha talab qilsa, shuncha yeng. Vujudingiz nimani talab qilsa, o‘sha narsani iste’mol qiling.

Darhaqiqat, Imom Moturidiy Baqara surasining 57-oyatidagi “Rizq qilib bergan narsalarimizning poklaridan yenglar” jumlasini ikki xil tavil qilgan. Ulardan biri shundan iboratki, zarur bo‘lganidan ortiq narsa insonlar uchun halol qilinmaydi. Shu sababli Alloh ularga kerak bo‘lgan miqdordagi narsani iste’mol qilishga ruxsat bergan va uni toyyibat deb atagan. Moturidiyning so‘zlaridan quyidagi ikkita xulosani chiqarish mumkin:

Birinchidan, inson tanasi qanday oziq-ovqatga muhtoj bo‘lsa, Alloh taolo o‘shalarni yeyishga buyuradi. Boshqacha qilib aytganda, Alloh inson tanasiga kerak bo‘lmagan narsalarni yeyishni harom qiladi. Bu shuni anglatadiki, tanaga qanday yeguliklar foydali bo‘lsa, ularni iste’mol qilish kerak. Ikkinchidan, Alloh taolo bizga organizmimiz qancha yegulikka ehtiyoj sezsa, shuncha yeyishni buyuradi. Shuning uchun, kerak bo‘lgan miqdordan ko‘proq ovqatlanish ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bizningcha, “Qorin to‘ygandan keyin yeyish haromdir” degan gap shundan kelib chiqqan.

Boshqa tomondan, Moturidiyning so‘zlariga ko‘ra, toza yegulikning miqdori oz bo‘lsa ham, u aynigan yoki ta’mi buzilgan ko‘p miqdordagi ovqatdan yaxshiroqdir. Uning nazdida, basmala aytib so‘yilmagan, agar pishirilishi kerak bo‘lsa yaxshilab pishirilmagan yoki aynigan, jirkaniladigan narsalar emas, basmala bilan so‘yilgan, yaxshilab pishirilgan va insonga xush yoqadigan narsalar ularga halol qilindi, demakdir. Yana bir ma’nosi esa: mijozingizga mos kelmaydigan va siz jirkanadigan narsalar emas, mijozingizga to‘g‘ri keladigan va sizga yoqadigan narsalar sizga halol qilindi, demakdir.

Xulosa o‘laroq, Moturidiyning so‘zlariga ko‘ra, inson avvalo halol oziq-ovqatlarni tanovul qilishi kerak. Shu bilan birga, inson o‘z tabiati pok deb hisoblaydigan tabiiy/organik narsalarni; eng toza, eng chiroyli, eng yaxshi, eng foydali; odamga yoqadigan va unga lazzat beradigan foydali yeguliklarni; sog‘liqqa zarar etkazmaydigan, inson tabiati uchun eng mos va eng mazali narsalarni iste’mol qilishi kerak.

Qisqacha qilib aytganda, agar yeyiladigan narsa pishirilishi kerak bo‘lsa, uni yaxshilab pishirish kerak; agar u meva yoki sabzavot bo‘lsa, xom yoki chiriganidan emas, pishganidan tanlab yeyish kerak. Shu bilan birga, biz iste’mol qiladigan va ichadigan narsalarda sog‘lig‘imizga zarar etkazadigan qo‘shimchalar bo‘lmasligi kerak. Xuddi shunday, tanamiz uchun qanday turdagi yegulik zarur bo‘lsa, o‘sha turdagini iste’mol qilishimiz kerak. Shuningdek, inson tanasi ushbu oziq-ovqat mahsulotlariga qancha ehtiyoj sezsa, o‘shancha miqdorda tanovul qilishi kerak. Bularning barchasiga asoslanib, olimning ushbu tavsiyalarni “Moturidiyga ko‘ra ratsional ovqatlanish usullari” yoki “Moturidiga ko‘ra ratsional ovqatlanish dietasi” yohud oddiygina qilib, “Moturidiy dietasi” deb atashimiz mumkin.

Prof. Dr. Ahmet Ak

Kahramonmarash Sutchi Imom universiteti (Turkiya)