MUSULMON SHAXS SAYLOVDA FAOL BO’LISHI SHART

MUSULMON SHAXS SAYLOVDA FAOL BO’LISHI SHART

 

Islom dini manbalarida saylov haqida batafsil ma’lumot berilmagan bo‘lsa-da, biroq shariatda umumiy qoidalar joriy etilib, qolgan masalalar ummatning ixtiyoriga qoldirilganini ko‘rish mumkin. Chunonchi, islom ta’limotida har bir ishda birinchi navbatda rahbar tayinlab olishga alohida e’tibor qaratiladi.

عن أبي هريرة، أن رسول الله صلى الله عليه وسلم قال: "إذا كان ثلاثة في سفر فليؤمروا أحدهم" قال نافع: فقلنا لأبي سلمة: فأنت أميرنا". فهنا انتخاب الثلاثة للأمير حق لهم وواجب عليهم لإقامة الواجب الشرعي الذي نص عليه الحديث الشريف. 

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar uch (kishi) safarda bo‘lsa, oralaridan bir kishini boshliq etib tayinlasinlar”, – deganlar. Nofe’: “Biz Abu Salamaga: “Demak, sen bizning boshlig‘imizsan”, – dedik”, – dedi”.

Ushbu rivoyatga binoan, uch kishi o‘rtasida boshliq saylash ularning zimmalaridagi vojib bo‘lgan vazifa ekani anglashiladi. Shu nuqtai nazardan, hadisda bayon etilgan shar’iy vojibni ado etish ularning zimmalariga yuklangan vojib amal hisoblanadi.

Umuman, rahbar saylash masalasida islom dinida keng imkoniyatlar mavjud ekanini ko‘rish mumkin. Jumladan, xulafoi roshidinlarning har biri o‘ziga xos tarzda saylangan. Abu Bakr Siddiq bir guruh musulmonlar tomonidan saylangan, so‘ngra qolganlar unga bay’at qilganlar. Abu Bakr Siddiq ummatning roziligi bilan Hazrat Umarni o‘z o‘rniga tayinlab ketgan. Usmon ibn Affon esa o‘zidan oldingi xalifa tomonidan tashkil etilgan olti kishidan iborat kengash tomonidan saylangan, so‘ngra qolgan musulmonlar unga bay’at qilganlar. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, ularning har biri xalifalik lavozimiga teng huquqli nomzod sifatida ko‘rilgan bo‘lib, istalgan kishi saylov natijasida xalifa etib tayinlanish imkoniga ega bo‘lgan. Ali ibn Abi Tolib esa bir guruh musulmonlarning iltimosiga binoan xalifalik vazifasini o‘z zimmasiga olgan, ummat esa unga bay’at qilgan.

Yuqorida zikr etilganidek, xalifa saylashda ummatning xohish-ixtiyori muhim o‘ringa ega bo‘lib, musulmonlarning bay’atisiz hech kim qonuniy rahbar sifatida tan olinmagan. Shu bilan bir qatorda, xulafoi roshidinlarni tayinlash jarayonida kuzatilgan saylovlar umumiy jihatlarga ega bo‘lsa-da, biroq ular o‘rtasida ayrim farqli xususiy jihatlar mavjud. Shu sababli ushbu o‘rinda saylovning shakli, o‘tkazish tartibi emas, balki ummatning qo‘llab-quvvatlashi muhim hisoblanadi. To‘rt xalifani saylashda uslublar turlicha bo‘lganiga qaramay, asosiysi, ularning barchasiga ummat bay’at qilganidir. E’tiborlisi, xulafoi roshidinlarni saylash tartib va uslublari Qur’on va hadislarda zikr etilmagan bo‘lsa-da, ushbu tamoyillarni hech kim inkor qilmagan. Zotan, ushbu saylovlar shariatning asosiy tamoyillaridan kelib chiqqan holda, sahobiylarning ijtihodlari bilan amalga oshirilgan.

Bugungi kunda demokratik saylovlarda ayni tamoyillar tatbiq qilinar ekan, musulmonlarning o‘zlari uchun rahbar saylashlarida ulardan foydalanishlari taqiqlanmaydi. Xususan, davlat boshqaruvida devonning tashkil etilishi ham Umar ibn Xattob davrida forslar davlatchiligidan o‘zlashtirib olingan bo‘lib, uning nomi ham hatto forsiy shaklda saqlanib qolgan. Bu esa davlat va siyosatga doir masalalarda musulmonlarning umumiy manfaati uchun aqida va shariatga zid bo‘lmagan ishlardan foydalanishda hech qanday to‘siq yo‘qligini ko‘rsatadi.

2007 yil 8-13 noyabr (hijriy 1428, shavvol oyining 22-27 kunlari) kunlari Makkadagi Islom fiqhi akademiyasining 16-sessiyasida “Musulmonlar va musulmon bo‘lmaganlar birgalikda saylovda qatnashishlari” haqida fatvo e’lon qilindi.

Unda quyidagi jihatlarga to‘xtalib o‘tilgan:

  • musulmon bo‘lmagan davlatda barcha fuqarolik huquqlariga ega bo‘lgan musulmon shaxs parlament va boshqa saylovlarda ishtirok etish huquqiga ham ega. Chunki uning ishtirokida ijobiy jihatlar ko‘p bo‘ladi. Jumladan, islom dinining ma’rifiy imidjini targ‘ib qilish, o‘sha mamlakatda yashayotgan musulmonlarning huquqlarini himoya qilish, diniy ozchilikning muayyan huquqlarga ega bo‘lishini ta’minlash, jamiyatda musulmonlarning o‘rnini yuksaltirish, musulmonlar haqida iliq taassurotlarni uyg‘otish, haqiqat va adolat bilan muloqot qilish, o‘zaro haqiqat va adolat asosida hamjihat yashash va hokazolar.

Yusuf alayhissalomning Misrdagi faoliyati saylanish va saylovning go‘zal namunalaridan biri hisoblanadi. Qadimiy Misrda davlat boshqaruvi risoladagidek bo‘lmasa-da, Yusuf alayhissalom qurg‘oqchilik yillarida ushbu mamlakatning muhim resurslarini saqlab qolish hamda xalqning qahatchilikdan aziyat chekmasligini ta’minlash maqsadida rahbarlik lavozimiga o‘z nomzodini ilgari surgan. Musulmon kishi mana shunday bunyodkor, loqaydlikdan yiroq hamda jamiyatga foyda keltiradigan shaxs bo‘lishi lozim. Vallohu a’lam.

Yuqorida keltirilgan fatvo asosida ulamolar Yevropa mamlakatlarida istiqomat qilayotgan musulmonlarga “masolih al-mursala” usuliy qoidasiga ko‘ra, o‘z manfaatlari yo‘lida musulmon bo‘lmagan shaxsni davlat rahbari sifatida saylashlariga ruxsat berganlar.

Musulmon mamlakatlaridagi musulmon yetakchilarini saylash haqida nima deyish mumkin? Bu borada shuni aytish mumkinki, saylov va tanlov tushunchalari aslida G’arbga islom dini orqali kirib kelgan. Shunday ekan, dinu diyonat, Vatan va jamiyat manfaatlari yo‘lida xizmat qiladigan insonni saylash, tanlash va qo‘llab-quvvatlash har bir musulmonning shar’iy majburiyatlaridan biri bo‘lishi lozim.