Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining koronavirus (COVID-19) vabosining keng tarqalishi oldini olish boʻyicha FATVOSI

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining koronavirus (COVID-19) vabosining keng tarqalishi oldini olish boʻyicha FATVOSI

Bismillahir Rohmanir Rohiym,

Muhtaram moʻmin-musulmon birodarlar, aziz yurtdoshlar!

Jahon ommaviy axborot vositalari tarqatayotgan xabarlarga koʻra, qariyb bir yarim yildan beri insoniyatga sinov, imtihon boʻlib kelgan vabo – koronavirus pandemiyasi uchinchi, ayrim mamlakatlarda toʻrtinchi toʻlqin tarzida namoyon boʻlmoqda. Allohga shukrki, oʻtgan yili hukumatimiz va Oʻzbekiston musulmonlari idorasi amalga oshirgan qator chora-tadbirlar sabab ushbu kasallikning oqibatlari birmuncha yengil kechdi. Ammo bu yilgi yoz chillasi kirib kelishi bilan virusning tarqalishi yana avj oldi.

Dinimizda insonning joni, eʼtiqodi, aqli, moli va obroʻsini saqlash muhim asoslardan biridir. Ularga zarar yetadigan holatlarda shariat oʻz talablarini insoniyatga yengillatadi.

Mamlakatimizda kasallikning keng yoyilib ketishi oldini olish, uning asoratlarini yengillatish boʻyicha katta hajmdagi ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Jamoat joylarida toʻplanmaslik, yirik tantana va tadbirlar oʻtkazmaslik, niqob taqish, oʻzaro masofa saqlash va vaksina olish boʻyicha chora-tadbirlar shular jumlasidandir.

COVID-19 vabosi asosan, havo-tomchi, qoʻl berib soʻrashish kabi holatlarda yuqadi. Shunday ekan, jamoa boʻlib toʻplanish holatlari ushbu xatarli virusning tarqalishiga asosiy sabab boʻlmoqda. Alloh taolo Qurʼoni karimda shunday marhamat qiladi:

وَلَا تُلْقُوا بِأَيْدِيكُمْ إِلَى التَّهْلُكَةِوَأَحْسِنُوا إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ الْمُحْسِنِينَ

yaʼni: “Oʻzingizni halokatga duchor qilmang. Ehson qiling, albatta Alloh ehson qiluvchilarni xush koʻradir” (Baqara surasi, 195-oyat).

Bu oyatda moʻmin-musulmonlar halokatga sabab boʻladigan ishlardan tiyilishga buyurilgan.

Abu Saʼid al-Xudriy raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda  Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

عن أبي سعيد الخدري رضي الله عنه : أن رسول الله صلى الله عليه وسلم قال:”لا ضرر ولا ضرار”

(رواه ابن ماجة والدارقطني )

yaʼni: “Islom dinida zarar berish va zarar koʻrish ham yoʻq” deganlar.

Demak, hadisi sharifda inson oʻziga yoki oʻzgalarga zarar keltiradigan sabablardan uzoq boʻlishga buyurilgan.

Moʻtabar fiqhiy kitoblarimizda:

درء المفاسد مقدم على جلب المصالح

yaʼni: “Zararni daf qilish foydani jalb qilishdan oldinga qoʻyiladi”;

المشقة تجلب التيسير

yaʼni: “Qiyinchilik yengillatishni jalb qiladi” kabi fiqhiy qoidalar keltirilgan. Shulardan kelib chiqib, shariat inson hayotiga zarar yetish ehtimoli kuchaygan paytda oʻz talablarini yengillatadi va odamlarga bir qancha ruxsatlar beradi.

Shariatimiz koʻrsatmalariga binoan, favqulodda vaziyatlar yuz berganda, masalan, qattiq yomgʻir, izgʻirin sovuq boʻlganda masjid jamoatiga chiqmaslik uzr hisoblanadi. Bunga quyidagi hadis dalil boʻladi:

عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ الحَارِثِ، عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَبَّاسٍ، أَنَّهُ قَالَ لِمُؤَذِّنِهِ فِي يَوْمٍ مَطِيرٍ: “إِذَا قُلْتَ: أَشْهَدُ أَنْ لَا إِلَهَ إِلَّا اللهُ، أَشْهَدُ أَنَّ مُحَمَّدًا رَسُولُ اللهِ، فَلَا تَقُلْ: حَيَّ عَلَى الصَّلَاةِ، قُلْ: صَلُّوا فِي بُيُوتِكُمْ”، قَالَ: فَكَأَنَّ النَّاسَ اسْتَنْكَرُوا ذَاكَ، فَقَالَ: “أَتَعْجَبُونَ مِنْ ذَا؟!، قَدْ فَعَلَ ذَا مَنْ هُوَ خَيْرٌ مِنِّي، إِنَّ الْجُمُعَةَ عَزْمَةٌ، وَإِنِّي كَرِهْتُ أَنْ أُحْرِجَكُمْ، فَتَمْشُوا فِي الطِّينِ وَالدَّحْضِ

(رواه الإمام البخاري والإمام مسلم)

yaʼni:Abdulloh Ibn Horis raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Ibn Abbos raziyallohu anhu qattiq yomgʻir yoqqan kunda muazzinlariga: “Ashhadu alla ilaha illalloh”, “Ashhadu anna Muhammadan rasululloh”ni aytganingizdan keyin “Hayya ʼalas solah”(namozga kelinglar)ni aytmang, balki (sollu fiy buyutikum)“uyingizda namoz oʻqinglar” deb ayting”– dedilar. Shunda baʼzi odamlar bundan norozi boʻlishdi. U zot: bu gapimdan ajablandingizmi? Vaholanki, bu narsani mendan koʻra yaxshiroq Zot (yaʼni, Rasululloh) qilganlar. Albatta, jamoat namozi qatʼiy hukmdir, lekin men sizlarning uylaringizdan chiqib, loy va balchiqlarni bosib yurishingizni xush koʻrmayman” dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari). 

Hadisi sharifda vabo chiqqan joyga kirmaslik, agar oʻsha yerda boʻlsa, u yerdan chiqib ketmaslik buyurilgan. Bu – kasallikning oldini olishning eng yaxshi chorasidir. Buning ustiga, jamoat joylari va boshqa katta tadbirlarda bu virusning tarqalish ehtimoli katta boʻladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi quyidagi fatvoni eʼlon qiladi:

1. Qurbon hayiti namozida katta jamoat bir joyda jamlanishini inobatga olib, pandemiya yanada avj olmasligi, vabo oqibatlarini yumshatish maqsadida shu kuni iyd namozi ado etilmaydi, oʻrniga uyda Zuho namozini oʻqish tavsiya etiladi.

2. Juma namozlaridan (yuqoridagi sabablarga koʻra vaqtincha oʻqilmaydi) boshqa namozlar barcha karantin talablariga rioya qilgan, yaʼni niqob taqqan va oraliq masofani saqlagan holda, masjidlarning ochiq sahnlarida ado etiladi. Masjidlarda qoʻl berib yoki quchoqlashib koʻrishish qatʼiyan taʼqiqlanadi.

3. Isitma, yoʻtal kabi kasallik alomatlarini oʻzida his qilganlar, keksalar va kichik yoshdagi bolalarga jamoat namozlarida ishtirok etish tavsiya etilmaydi.

4. Yoshi ulugʻ keksalar va bemorlar holidan xabar olish hamda hayit bilan tabriklash va boshqa milliy urf-odatlar bilan bogʻliq anʼanalarni aloqa vositalari orqali amalga oshirib turish tavsiya etiladi.

5. Janoza namozlari vafot etganning yaqin qarindoshlari ishtirokida, xonadonlarda oʻqiladi. Marhumlarning haqlariga qilinadigan duoi fotihalarni qatʼiy ravishda yurtdoshlarimiz oʻz xonadonlarida, oila davrasida bajarsinlar, fotihagarchiliklarga borishdan hamda oʻtganlarning qabrlarini ziyorat qilishdan saqlanib tursinlar.

6. Moʻmin-musulmonlar imkon qadar kasallikning tarqalishini oldini olish maqsadida qurbonlik goʻshti ehsonlarini tarqatishda karantin talablariga qatʼiy rioya etsinlar.

7. Pandemiya vaziyatida oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa zarur vositalarning narxini oshirish, bozorlar va doʻkonlarda sunʼiy ravishda taqchillikni yuzaga keltirish hamda aholi oʻrtasida turli vahimali xabarlarni tarqatish sharʼan haromdir.

8. Vaksina olmaslik, uning tarkibi toʻgʻrisida boʻlmagʻur gaplarni tarqatish durust emas. Davlatimiz barcha talablarga javob beruvchi vaksinalar vositasida ommaviy ravishda emlash ishlarini amalga oshirayotgan ekan,barcha yurtdoshlarimiz oʻzlarini va oila aʼzolarini, shifokorlar bilan kelishgan holda, emlatishlari maqsadga muvofiq boʻladi.

9. Ehtiyojmandlar, nogironligi borlar, vaqtincha ishsizlarga ehson koʻrsatishning ayniqsa ushbu kunlar va oylarda savobi ulugʻdir. Xayriya va ehson tadbirlarini “Vaqf” jamgʻarmasi orqali yoki bevosita amalga oshirish tavsiya etiladi.

10. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, uning viloyatlardagi vakilliklari xodimlari va imom-xatiblar ushbu fatvo mazmun-mohiyati boʻyicha aholining keng qatlamlari orasida batafsil tushuntirish ishlarini amalga oshirsinlar.

Alloh taolo ushbu kasallikni tez kunlarda bartaraf etishini hamda xalqimizning hayoti tinchlik va osoyishtalikda davom etishini Yaratgandan iltijo qilib qolamiz!

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi

Melodiy: 16 iyul 2021 y.

Hijriy: 6 Zulhijja 1442 y.