O‘zbekistonda ramazon haqida

O‘zbekistonda ramazon haqida

Xattot Shayxa Abdulloh Ali qalamidan

O‘zbekistonda ramazon haqida

O‘zbekiston qadimdan ilm-ma’rifat diyori sifatida shuhrat qozongan, hozirgi kunda bu yerda bir necha millat va elatlar, turli din vakillari bag‘rikenglikda, o‘zaro totuvlikda yashab kelishadi.
Ramazon oyi barchaga yaxshilik hamda xayru baraka ulashadi, uning shukuhi O‘zbekistonning hamma joyida kezib yuradi.
Ramazonni kutib olish
Ramazon oyining birinchi kunidan boshlab iftorlik dasturxoniga tayyorgarlik ko‘rish uchun turli-tuman taomlar pishiriladi. Bozorlarda har-xil shirinliklar, meva va sabzavotlar mo‘l-ko‘l shaklda sotiladi. O‘zbekiston Respublikasi o‘zining ajoyib dehqonchilik mahsulotlari bilan tanilgan yurt hisoblanadi.
Ramazon dasturxoni
O‘zbeklarning dasturxoni xilma-xil taomlari bilan ajralib turadi. O‘zbek oshxonasi O‘rta Osiyo mamlakatlari orasida turli xil taomlari bilan mashhur sanaladi. Eng tanilgan taom bu palov yoki o‘zbek tilida osh bo‘lib, u guruch, sabzi, go‘sht, piyoz va turli ziravorlardan tayyorlanadi. O‘zbeklarning yana boshqa mashhur taomlari ham bor, xususan, lag‘mon, manti, mastava, shashlik va boshqalar shular jumlasidan. Yana bir mashhur taom bu sho‘rva bo‘lib, u Abu Ali ibn Sino zamonidan beri ma’lum bo‘lib, turli kasalliklarga davo ham sanaladi.

Oila davrasi

O‘zbek xalqining eng go‘zal odatlaridan biri – bu barcha oila a’zolarining bir dasturxon atrofida yig‘ilib, birgalikda iftorlik qilishidir. O‘zbeklar taomni qo‘llarida tanovul qiladilar va yerda, ko‘rpacha ustida o‘tiradilar. Iftorlik xursandchilik, surur va quvonch ruhida o‘tadi.
Mehmonni hurmat qilish
O‘zbeklar xayrli ishlar qilish, qarindoshlik va qo‘shnichilik rishtalarini mustahkam bog‘lashga doimo alohida e’tibor beradilar, xususan, ramazon oyi davomida yaqinlarining holidan xabar olish, qarindoshlar bilan silai rahm qilishga hardoimgidan ko‘ra ko‘proq intiladilar. Shu sababdan iftorlik dasturxonlari tashkil qilib, unga qarindoshlar va yor-u birodarlarni taklif qiladilar. Dasturxonni xilma-xil mevalar bilan to‘ldiradilar. Mehmonlar avvalo somsa bilan siylanadi, keyin sho‘rva va non keltiriladi, undan keyin boshqa taomlar tortiq qilinadi. Ko‘k va qora choy damlashadi. Taomlanib bo‘lgandan keyin barchalari birgalikda xonadon sohibining haqqiga duo qilib, tarqaladilar.

Tarovih namozlari

Oila davrasida iftorlik qilib bo‘lgandan keyin erkaklar masjid tomon yo‘l oladilar. U yerda hamma bilan birgalikda tarovih namozlari ado etiladi. Quroni karim oyatlari tilovat qilinib, xatmi Quronlar ado etiladi.

O‘zaro rahm-shafqat

O‘zbeklar o‘zaro mehr-shafqat kabi ananalarga sodiq qolishgan. Bu kabi xususiyatlar ularning tabiatidan chuqur joy olgan. Ularda yoshi keksa va qariyalar baraka va yaxshilik timsoli sanaladi. Ko‘pchilik insonlar ularni ziyorat qilish, ular bilan suhbat qurish, ularning hol-ahvolidan xabar olib turishni odatga aylantirishgan. Shuningdek, jamiyatda o‘zaro rahmdillik, yosh bolalarni xursand qilish, ota-bobolarni yod etib ularning haqqiga duo qilish qadriyatlari ham mavjud.

Xayriya ishlari

Alloh taolo ramazon oyida savob ishlarning ajrini bir necha barobar ziyoda qilib bergani bois o‘zbeklar doim zakotlarini shu oyda berishga odatlanganlar. Muxtojlarga o‘zlari yoki xayriya tashkilotlari orqali zakotlari hamda ehsonlarini berishadi. Yana bir yaxshi odatlari shuki, boy insonlar qo‘ylar so‘yib, go‘shtini ehtiyojmand kishilarga tarqatadilar. Bu asosan qurbon hayitida amalga oshiriladi.