OSOYISHTA, FAROVON KUNLAR QADRIGA YETIB…

OSOYISHTA, FAROVON KUNLAR QADRIGA YETIB…

Xalqimiz muborak Qurbon hayiti bayramini bag‘rikenglik, shukronalik, yaratuvchanlik kayfiyati bilan nishonladi. Garchi, butun dunyoni hamon tahlikaga solib turgan koronavirus pandemiyasi tufayli ulug‘ ayyom kunlari karantin talablari asosida o‘tgan bo‘lsa-da, xalqimiz kayfiyati ko‘tarinki, ertangi kunga ishonchi mustahkam. Buning uchun asoslar ham yetarli.

Avvalo, yurtimizda bebaho ne’mat — tinchlik hukmron.

Ko‘rib turibmiz, bugun ayrim davlatlarda nojoiz qurolli to‘qnashuvlar, mohiyatsiz mojarolar avj olmoqda. Bu mamlakatlar fuqarolari o‘q ovozisiz yashashni orzu qiladi, hayotining keyingi lahzasi qanday o‘tishini bilmaydi. Aziz farzandini bag‘riga bosgan onalar Allohdan omonlik so‘rab, iltijo qiladi.

Bozorlarimiz to‘kin-sochin, daromadimiz tayin, ustimiz but, ko‘nglimiz to‘q.

Toshkent. Qo‘yliq bozori. Ba’zi rastalar egasi — sotuvchilar bayram munosabati bilan dam olayotgan bo‘lsa-da, bozor gavjum, savdo avjida. Qandolat mahsulotlari sotayotgan opa “Bugun hayit, keling sizga arzon qilib beraman”, deya xaridorlarning ko‘nglini topadi. Sabzavot sotayotgan yigit esa mijozlarining farzandlariga bittadan xo‘rozqand ulashadi: “Bu sizlarga hayitlik”, deydi.

Bugun daromadimiz ham tayin. Kimki halol mehnat qilib, yaxshi yashashga intilsa, hech to‘siq yo‘q. Tadbirkorlarga davlat ham, idoralar ham xayrixoh. Shu bois, ustimiz but, hayotdan, bugungi va ertangi kunimizdan ko‘nglimiz to‘q. Xullas, hamma xursand, bayram kayfiyati bardavom.

Aziz yurtimizda turli millat va elat vakillari hamjihatlikda, emin-erkin do‘st bo‘lib yashayapmiz. Vijdonimiz ozod, tazyiq va taqiqlardan yiroqmiz.

Diniy va milliy bayramlarimiz zamirida uyg‘un hikmat bor. Bu — bag‘rikenglik va ham-jihatlik tamoyili. Qurbon hayiti kunlari bu jihatlar yanada qo‘r oladi. Shu dorilomon kunlarda yashayotganimiz zamirida ham millatlar va elatlar o‘rtasidagi do‘stona muhit shakllangani, quda-anda bo‘lib, ahil yashayotganimiz falsafasi bor.

Qolaversa, O‘zbekistonda vijdon erkinligi hukmron. Gap o‘zani shu mavzuga o‘tar ekan, bugun yurtdoshlarimizning qonuniy huquq va erkinliklari bilan birga diniy e’tiqodlari va ehtiyojlari ham to‘la ta’minlanayotgani va qonun bilan kafolatlanganini alohida faxr bilan til­ga olamiz. Prezidentimiz tomonidan yaqinda yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi”gi qonunning imzolangani ham fikrimiz tasdig‘idir.

Farzandlarimiz yayrab o‘smoqda.

Bolajon xalqmiz. Ularning kamolini ko‘rish buyuk baxt. Bugun farzandlarimiz uchun ham barcha sharoit muhayyo. Yangi bog‘chalar, maktablar, sport inshootlari qurilmoqda. Bolalarimiz kunu tun ilm, sog‘lom turmush tarzi bilan shug‘ullanishi uchun zamin bor. Ularni mashg‘ulotlarga bexavotir kuzatib, hadiksiz qarshi olamiz.

Bu yil Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligini zo‘r xursandchilik bilan nishonlaymiz.

Qurbon hayiti bayramining shunday ulug‘ sana bilan uyg‘un kelishi ham barchamizga shukro­nalik hissini ulashadi.

Shu onlarda keyingi yillarda erishgan yutuqlarimiz va hayotimiz mazmunan go‘zal bo‘lib borayotganidan boshimiz osmonda. 

Bugungi islohotlar xalqimiz turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgani bilan ham o‘zgacha mazmun kasb etadi. Ular haqida ko‘p gapirish mumkin. Muhimi, bu islohotlarni har birimiz o‘z hayotimizda sezib, his qilib turibmiz.

Albatta, bu shukuhli hayotning har soniyasi bizni shukr qilishga chorlaydi. O‘z navbatida, diyorimizda Qurbon hayitining fayzli damlari kezib yurgan shu kunlarda ulamolarimizning fikrlari, dil izhorlarini eshitish ham yoqimli.

— So‘nggi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada juda katta islohotlar amalga oshirilmoqda, — deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov. — Yangi masjidlar qurilmoqda, eskilari qayta ta’mirlanib, zamonaviy ko‘rinish kasb etyapti. Diniy ta’lim sohasida bir qancha madrasalar, oliy darajadagi ta’lim muassasalari ochilmoqda. Allomalarimizning ilmiy merosi tarjima qilinib, xalqimizga taqdim etilmoqda. Ilmiy markazlar xalqaro miqyosdagi nufuzli anjumanlarni o‘tkazish imkoniga ega. Butun dunyo jamoatchiligi O‘zbekistondagi bu kabi islohotlarni yuqori baholayotganiga shohid bo‘lib turibmiz.

Prezidentimizning O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Qurbon hayiti tabrigi yurtdoshlarimiz uchun haqiqiy bayram tuhfasi bo‘ldi. Tabrikdan ruhlangan xalqimiz keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarimiz bardavom va barakali bo‘lishini tilab, duolar qilmoqda.

Alloh xalqimizga Qurbon hayiti bayramini muborak qilsin. Butun dunyoga kelib turgan koronavirus kasalligini shu kunlarning sharofati ila tezda daf qilishni O‘zi nasib aylasin.

— Davlatimiz rahbarining xalqimizga yo‘llagan bayram tabrigi barchamizni xursand qildi, — deydi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Davron Maxsudov. — Prezidentimiz o‘z tabrigida mo‘min-musulmonlarni ulug‘ ayyom bilan qutlab, yurtimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilanishlarga alohida urg‘u berdi. Jumladan, vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar faoliyatiga doir qonunning yangi tahrirda qabul qilinishi turli diniy e’tiqoddagi aholi uchun keng imkoniyatlar eshigini ochgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Ayniqsa, islom dinini, ajdodlarimiz qoldirgan moʻtabar manbalarni ilmiy asosda o‘rganish uchun sharoitlar yaratilgani e’tiborlidir. Atrofimizga qarasak, qancha-qancha yangilanishlar, o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Bugun shu kunlarning qadriga yetish, shukronalik hissi bilan yashash Allohga ham xush keluvchi amallardan sanaladi.

Darhaqiqat, bugungi ulug‘ ayyom kunlari shukuhi haqida gapirar ekanmiz, allomalarimizning “Hayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridandir”, degan gapini yodga olish o‘rinli. Shu bois, Qurbon hayiti kunlarida quvonchimizni, saxovatimizni har qachongidan ko‘ra, ko‘proq namoyon qilishimiz lozim.

Ulug‘bek ASROROV,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri,
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi
2021-yil 23-iyul, №147(403)