“Sahihul Buxoriy” asarining jahon kutubxonalarida saqlanayotgan qadimiy va nodir qo‘lyozma nusxalari” mavzusidagi xalqaro konferensiya ilm ahliga yuksak mas’uliyat yukladi

“Sahihul Buxoriy” asarining jahon kutubxonalarida saqlanayotgan qadimiy va nodir qo‘lyozma nusxalari” mavzusidagi xalqaro konferensiya ilm ahliga yuksak mas’uliyat yukladi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Islom hamkorlik tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha xalqaro tashkiloti AYSESKO, Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish markazi bilan hamkorlikda islom olamining buyuk siymosi, muhaddislar sultoni Imom Buxoriy qoldirgan boy ilmiy-ma’rifiy merosni chuqur o‘rganish va xalqaro maydonda keng targ‘ib etish maqsadida “Sahihul Buxoriy” asarining jahon kutubxonalarida saqlanayotgan qadimiy va nodir qo‘lyozma nusxalari” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

 

Unda Turkiya, Misr, Malayziya, Saudiya Arabistoni, Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya, Qozog‘iston kabi xorijiy davlatlardan qirqqa yaqin taniqli islomshunos, dinshunos olimlar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.

 

 

 

Konferensiya ochilishida nufuzli xorijiy ekspertlar va ulamolar tomonidan Imom Buxoriy merosini o‘rganishning ahamiyati, alloma asarlarining jahon fondlarida saqlanayotgan nusxalarini tadqiq etishning hozirgi holati va istiqboldagi vazifalar shuningdek, Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar haqida so‘z bordi.

Anjuman avvalida “Sahihul Buxoriy” asarining nodir qo‘lyozma nusxalari haqida taqdimot namoyish etildi.

 

 

Konferensiya 3 ta shoʻbaga bo‘linib o‘z ishini davom ettirdi. Ishtirokchilarning “Sahihul Buxoriy” asarining jahon kutubxonalarida saqlanayotgan qadimiy va nodir qo‘lyozma nusxalari”, “Imom Buxoriy ilmiy merosi va hozirgi zamon”, “Movarounnahr ulamolarining islom sivilizasiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi” mavzularida ilmiy ma’ruzalari tinglandi.

Buyuk mutafakkir va allomalarimizning islom ilm-fanini ravnaq toptirishga qo‘shgan munosib hissasi, xususan, musulmon olamida “muhaddislar sultoni” deya tan olingan Imom Buxoriyning “Al-Jomi’ as-sahih” asari islom dinida Qur’oni karimdan keyin ikkinchi muqaddas manba sifatidagi qiymati yana bir bor e’tirof etildi. Darhaqiqat, mazkur asar millionlab insonlar qalbini imon nuri bilan munavvar etib, haq va diyonat yo‘liga chorlab kelmoqda. Shu nuqtai nazardan, so‘zga chiqqanlar Imom Buxoriyning axloqiy ta’limotiga yangicha nazar bilan qarash hozirgi kunda har jihatdan dolzarb ekanini ta’kidlashdi.

 

 

Imom Buxoriy hadislarida mehr-oqibat, insonparvarlik, ota-ona va kattalarga hurmat, yetimlarga muruvvat, Vatanga muhabbat, halollik va bag‘rikenglik kabi insoniy fazilatlar, yosh avlod uchun tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan o‘gitlar keng o‘rin olgan. Sirasini aytganda, alloma asarlari bugungi kunga qadar musulmon dunyosi uchun ma’naviy-axloqiy yo‘llanma bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ishtirokchilar shuningdek, mamlakatimizda olib borilayotgan diniy islohotlarning isboti o‘laroq, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining Imom Buxoriy va boshqa ko‘plab allomalarning ulkan ilmiy merosini o‘rganish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish bilan bog‘liq samarali faoliyatini e’tirof etdilar.

Qizg‘in ma’ruzalar bilan davom etgan shoʻba yig‘ilishlarida ishtirokchilar atroflicha fikr-mulohaza almashib, istiqbolda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, shu kabi tadbirlarni tizimli tashkil etish ehtiyojini alohida ta’kidladilar. Bu borada Imom Buxoriy markazining xalqaro maydonda yetakchi ilmiy muassasa maqomiga ko‘tarilganini qayd etdilar.

Konferensiya so‘nggida ishtirokchilarning Imom Buxoriy ilmiy merosini o‘rganishning dolzarb ahamiyati haqidagi yakuniy bayonoti qabul qilindi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati