Yangi qonun – g‘oyaviy tahdidlardan himoya

Yangi qonun – g‘oyaviy tahdidlardan himoya

Darhaqiqat, kuni kecha Prezident Sh.Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni yurtimiz diniy-ijtimoiy hayotida ulkan hodisa bo‘ldi.

 

Mazkur qonunda o‘z aksini topgan ijobiy o‘zgarishlar haqida, xususan, undagi birgina jihat – diniy mazmundagi materiallarni olib kirish va tarqatish tartibiga oid moddasining ahamiyati haqida so‘z yuritsak.

Qonunning 10-moddasi, ikkinchi xatboshisida shunday deyiladi: “O‘zbekiston Respublikasi hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish jamiyatda konfessiyalararo totuvlik hamda diniy bag‘rikenglik buzilishiga olib keladigan, diniy zo‘ravonlik va boshboshdoqlikka chorlaydigan g‘oyalar hamda qarashlar tarqalishining oldini olish maqsadida dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshiriladi”.

Bir qaraganda, mazkur modda ayrim xorijiy davlat va huquq tashkilotlari bong urib ta’kidlashdan charchamayotgan diniy materiallarga nisbatan senzura yoki fikr erkinligini cheklashdek ko‘rinishi mumkin. Biroq aslida bunday emas. Moddaning siyoqiga insof nazarini tashlagan har bir aql egasi undan jamiyat va davlat barqarorligiga salbiy ta’sir qiluvchi “konfessiyalararo totuvlik hamda diniy bag‘rikenglik buzilishiga olib keladigan, diniy zo‘ravonlik va boshboshdoqlikka chorlaydigan g‘oyalar hamda qarashlar tarqalishining oldini olish” ko‘zlanganini anglab yetadi. Zero, dinni noto‘g‘ri talqin etish, undan siyosiy va boshqa maqsadlarga yetishda qurol sifatida foydalanish qanday xunuk oqibatlarga olib kelishi bugun hech kimga sir emas. Buni nafaqat Yaqin Sharqdagi nizo o‘choqlari, balki mustaqil O‘zbekistonning tarixida bo‘lib o‘tgan bir qancha ayanchli voqealar misolida ham ko‘rish mumkin. Turli radikal guruhlarning o‘z qabih niyatlarini amalga oshirish yo‘lida odamlar, xususan, yoshlar ongini soxta da’volar bilan zaharlashga qaratilgan urinishlarini aniqlash hamda ularning faoliyatiga chek qo‘yish davlat dinshunoslik ekspertizasi bilan chambarchas bog‘liqdir.

Bundan tashqari, respublika hududida nashr etilayotgan diniy mahsulotlarning sifatli hamda turli bid’at-xurofotlar va ilmiy asosga ega bo‘lmagan to‘qima ma’lumotlardan xoli tarzda aholi qo‘liga yetib borishida dinshunoslik ekspertizasining o‘rni o‘ta muhimdir. Shu bilan birga mazkur amaliyotning saqlab qolinishi diniy mazmundagi materiallar yo‘nalishida faoliyat olib boruvchi tadbirkorlarning manfaatlari himoyasi uchun ham xizmat qiladi. Zotan, davlat dinshunoslik ekspertizasi diniy adabiyotlarga taalluqli mualliflik huquqining muhofaza etilishi, materiallarning kontrafakt usulda tayyorlanishiga chek qo‘yish kabi qonuniy mexanizmlarning ishlashini ham ta’minlab beradi.

Xulosa qilib aytganda, ayrim huquq ekspertlari hamda xorijiy davlat tashkilotlari tomonidan dinshunoslik ekspertizasining senzura sifatida baholanishi hamda ularning mazkur amaliyotni bekor qilishga oid chaqiriqlari hududdagi mavjud va o‘ziga xos diniy-ijtimoiy muhit to‘liq o‘rganilmagan holda o‘rtaga tashlangan bo‘lib, mazkur amaliyotga oid normaning qonuniy kuchda qoldirilishi uzoqni ko‘rib, qabul qilingan oqilona qaror bo‘ldi.

Shunday ekan, diniy-ijtimoiy sohada olib borilayotgan islohotlarning huquqiy asosi bo‘lmish mazkur qonun kelgusida ushbu yo‘nalishda amalga oshiriladigan xayrli ishlarga poydevor bo‘lishi shubhasizdir.

Jahongir JO‘RAYEV,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

yetakchi ilmiy xodimi
Manba: "Vatanparvar" gazetasi 2021-yil 23-iyul, 29-soni