O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov vafoti munosabati bilan xalqaro miqyosdagi tashkilotlar tomonidan hamdardlik maktublari kelmoqda

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov vafoti munosabati bilan xalqaro miqyosdagi tashkilotlar tomonidan hamdardlik maktublari kelmoqda

Bismillahir rohmanir rohiym

Bizlarga bir musibat yetdi. Birodarimiz Shayx Usmonxon Alimov vafot etdilar. Albatta, bizlar Allohnikimiz va Unga qaytguvchimiz. Alloh taolo u kishini o‘z rahmatiga olsin va jannatlaridan joy ato qilsin. Shayx Usmonxon Alimov xalq suygan, samimiy, aziz inson edilar. Men u kishini 1990-yildan beri taniyman. U kishi Marokashning Fas shahriga kelganlarida birinchi bo‘lib men kutib olgan edim. U kishini sakkiz oy uyimda mehmon qilib, arab tilidan saboq berganman. So‘nggi bor 2007-yil Toshkent shahrida uchrashgan edik.

Alloh taolo u kishini o‘z rahmatiga olsin, ahli oilalariga sabri jamil ato aylasin.

Marokashlik olim, professor Hamid Lahmar

 

 

Bismillahir rohmanir rohiym

Alloh taolo muftiy Usmonxon Alimov hazratlarini siddiqlar va solihlar bilan birga aylasin. Ya Rabb.

Albaniyalik professor, imom Romiz Mustafo Zakoiy

 

 

Bismillahir rohmanir rohiym.

Alloh taoloning qazosiga iymon keltirgan va uning hukmiga rozi bo‘lgan holda...

Butundunyo musulmon jamiyatlari kengashi raisi - muhtaram doktor Aliy Nuaymiy, bosh kotib doktor Muhammad Bashoriy janoblari va kengashning boshqa barcha a’zolari

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, fazilatli shayx Usmonxon Alimovning vafoti munosabati bilan chuqur mahzunlik va qayg‘u izhor etadi:

Albatta, bizlar Allohnikimiz va Unga qaytguvchimiz. Alloh taolo u zotning pokiza ruhini o‘zining rahmati bilan o‘rasin va keng jannatlaridan joy ato etsin. Bu dunyodagi maskanlaridan ko‘ra xayrli maskan, ahllaridan ko‘ra, xayrli ahl nasib aylasin. Barchalarimizga sabri jamil ato aylasin.

U kishining ahli oilalariga va butun islom olamiga o‘z umrini O‘zbekiston hamda O‘rta Osiyo musulmonlari xizmatiga baxshida etgan ulug‘ olimlardan biridan judo bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildiramiz.

Albatta, bizlar Allohnikimiz va Unga qaytguvchimiz.

 

 

Bismillahir rohmanir rohiym.

Boqiylik va barhayotlik Allohga xosdir. Alloh taolo ajringizni ulug‘, musibatingizni yengil qilsin. Marhumni mag‘firat aylab, uni solihlari qatoriga qo‘shsin. Albatta, bizlar Allohnikimiz va Unga qaytguvchimiz. Allohim u kishini mag‘firat et, o‘zing rahm ayla, so‘roqlarini oson qil, qabrlarini munavvar va keng ayla. U zotni musaffo suvlar bilan yuvgin va xato-yu gunohlarini ketkazgin. Va solihlar qatorida qabul qilgin.

Al-Azhar Islom tadqiqotlari akademiyasi direktori

doktor Nazir Muhammad Ayyad

 

Hamdardlik maktublar kelishi davom etmoqda

SOXTA SALAFIYLAR “AL-FIQH AL-AKBAR” IMOM ABU HANIFAGA OID EMASLIGINI ISBOTLAY OLMADI!!!

SOXTA SALAFIYLAR “AL-FIQH AL-AKBAR” IMOM ABU HANIFAGA OID EMASLIGINI ISBOTLAY OLMADI!!!

Soxta salafiylar “Fiqhul akbar” Imom Abu Hanifaga oid emasligi” deb atalgan video darsida “Fiqhul akbar” go‘yo Imom Abu Hanifaga oid emasligi borasida 16 ta kitobdan dalil keltirgan. Biroq, ulardan faqat 3 tasigina o‘rta asrlarda yozilgan manbalar. Bittasi esa XIX asr manbasi. Qolgan barcha asarlar, ya’ni 12 tasi XX-XXI asrlarda, ya’ni bizning davrimizda yozilgan. Demak, din dushmanlari bo‘lgan dinsizlar “Fiqhul akbar” Imom Abu Hanifaga oid emas, degan shubhani o‘rtaga tashlagandan keyin chiqqan va aytish mumkinki, ularning ta’sirida bitilgan kitoblar. Shuning uchun, ular e’tibordan soqitdir! 

Aslini olganda, biror narsani isbotlash uchun manbalarga murojaat qilinishi lozim. Butun dunyo manbashunoslari va ilm ahli bunga ittifoq qilgan. XX-XXI asrlarda, ya’ni bizning davrimizda yozilgan asarlar manba bo‘lolmaydi, ular adabiyotlar hisoblanadi. Adabiyotlardan emas, manbadan dalil keltirish kerak! Manba bilan adabiyotni ajrata olmagan odam tadqiqotchi va olim bo‘la olmaydi!  

Masalan, Alboniy (“Muxtasar al-Uluv”), Ibn Oshur (“at-Tahrir va-t-Tanvir”) va Nosiriddin al-Hijoziy (“an-Nafha”) yaqinda olamdan o‘tganlar.

Bo‘lib ham, soxta salafiylar keltirayotgan Safar Havoliy (“Sharh Aqoid at-Tahoviya”), Ibn Abdurahmon Xammis (“Sharh Aqoid at-Tahoviya” va “Usuliddin”) va Abdulaziz al-Humaydiy (“Baroat al-aimma al-arba’a”) hozirda hayot salafiy olimlari va ularning asarlari. Hasan Saqqof esa davrimizdagi shia-ash’ariylikning targ‘ibotchisi bo‘lgan olim. “al-Fiqh al-akbar”ni kim yozganini hanafiylarning o‘zlari yaxshi biladimi yoki salafiylarmi?! Insof bilan shu savolga javob berish kerak!

Shu bilan birga, aslida musulmon bo‘lmagan sharqshunoslar tomonidan bitilgan ensiklopediya – “Doirat al-maorif al-islomiya”dan iqtibos keltirayotganidan ham yetarlicha ilmga ega bo‘lmagan bu fitnachilarning aslida kimlarga xizmat qilayotganini sezish qiyin emas. U tilga olgan az-Zirikliy (“al-A’lom”) va Fuod Sezgin (“Tarix at-turos al-arabiy”) ham o‘sha sharqshunoslardan ta’sirlangan musulmon tadqiqotchilari hisoblanadi. 

Soxta salafiylar XIX asr manbasi bo‘lmish “al-Favoid al-bahiya”dan: “Abu Mute’ al-Balxiy Imom Abu Hanifaning shogirdi va “Fiqhul akbar” kitobining muallifidir”, degan iqtibosni olib keltirgan. U hindistonlik hanafiy olimi, faqih va muarrixi Abdulhay al-Laknaviy asari. Biroq, fitnachilar ushbu asardagi shu iqtibosni o‘zlari ko‘rmagan. Agar “al-Favoid al-bahiya”ni ko‘rganida, bu muallif tomonidan boshqa bir olimning kitobidan keltirgan iqtibosi ekanini anglagan va shu kitobning shu betidagi 4 qatorgina yuqorisida muallifning o‘zi bunday deb qo‘yganini ko‘rgan bo‘lardi:

أبو مطيع البلخي راوي الفقه الأكبر  عن أبي حنيفة

“Abu Mute’ al-Balxiy – “al-Fiqh al-akbar”ning Abu Hanifadan qilgan roviysidir!”.

Yoki soxta salafiylar bu iqtibosni xalqdan yashirdimikin?!

Biz hanafiy-moturidiylar haqiqatdan ham Abu Mute’ al-Balxiyni “al-Fiqh al-akbar”ning roviysi ekanini aytamiz-ku!

“Sahihi Buxoriy”ning roviylari soni nechta ekanini bilasizmi? Imom Buxoriy hazratlaridan “Sahihi Buxoriy”ni rivoyat qilgan roviylar orasida 6 nafari to‘g‘risida ma’lumotlar saqlanib qolgan. Hozirda mavjud “Sahihi Buxoriy”ning variantlari ana shu olti nafar olimning biriga borib tutashadi. Roppa-rosa 14 nafar roviy esa Imom Buxoriy hazratlarining birgina Muhammad ibn Yusuf al-Firabriy degan shogirdidan “Sahihi Buxoriy”ni qabul qilib olgan. Bugun o‘qilayotgan “Sahihi Buxoriy” ana shularning rivoyati hisoblanadi. 

Imom Molik hazratlarining “al-Muvatto” asarining 30 ga yaqin rivoyatlari borligini molikiylarning o‘zlari qayd qilishgan bo‘lsa, Muhaddis ad-Doraqutniy hazratlari uning 22 xil rivoyati va roviysi borligi haqida alohida risola bitgan.

Biror kitobning roviylari borligi va hatto ularning ko‘pligi shu kitobning mualliflik masalasini hech qachon shubhaga qo‘ymaydi! Soxta salafiylar nega shubhalanadi, hayronman!

Endi, “olimlar” tilga olgan o‘rta asrlar mualliflari Imom az-Zahabiy (“Ta’rix al-islom”), as-Safdiy (“al-Vofiy bi-l-vafoyot”) va ad-Dimashqiy (“Shazarot az-zahab”) hanafiy bo‘lmagan olimlar bo‘lib, iqtiboslarida faqat Abu Mute’ al-Balxiyni “al-Fiqh al-akbar”ning sohibi ekani qayd qilingan, xolos. “Sohib” so‘zi hamma vaqt ham muallif ma’nosida kelavermasligini aytgan holda, bu iqtiboslarda Imomi A’zam Abu Hanifa hazratlarining “al-Fiqh al-akbar”ga tegishli emasligi qat’iy aytilmaganini ta’kidlay olamiz. Bu keltirilgan iqtiboslarda “al-Fiqh al-akbar” Abu Hanifaga tegishli emas”, degan gap qani? Shu savolga javob topguncha yana bir savolni ularga berishimiz lozim:

Soxta salafiylar o‘zi nechta “al-Fiqh al-akbar” asari borligini bilarmikin? Abu Mute’ al-Balxiyni “al-Fiqh al-akbar”ning sohibi deb aytilayotgan yuqoridagi iqtiboslarda agar boshqa bir “al-Fiqh al-akbar” haqida so‘z ketayotgan bo‘lsa “olimlar” nima qiladi? Yoki u bu kitoblardagi naqlni aqlidan ham ustun qo‘yib taassublarcha boqib turaveradimi? 

Xullas, ularning bu chiqishi yaxshi tayyorlanmagan, manba va adabiyotlarni pala-partish ko‘rib-chiqqan, o‘zining dav’osini isbotlashda dalillari yetarli bo‘lmagan holda namoyon bo‘lgan bo‘lib chiqdi. U “Fiqhul akbar”ni Abu Hanifaga tegishli emasligini isbotlay olmadi, isbotlay olmaydi ham!

Qani, o‘rta asrlardagi birorta olimning “Fiqhul akbar”ni Abu Hanifaga tegishli emas, degan ochiq-oydin gapini keltirsin-chi!

Qani, o‘rta asrlardagi birorta hanafiy olimining “Fiqhul akbar”ni Abu Hanifaga tegishli emas-ov, degan shubhasini keltirsin-chi!       

Salafiylar ming yillik hanafiy-moturidiylarning ishonchlarini suiiste’mol qilib, qalblariga shubha oralatib dushmanlar nog‘orasiga o‘ynayotgan kimsadir!

Bizning esa “Fiqhul akbar”ni Abu Hanifaga tegishli va mansub ekanligida ishonchimiz komildir!

Hamidulloh Beruniy.

 
 
“MOTURIDIYLIK VA HOZIRGI ZAMON” MAVZUIDAGI TURKUM ILMIY SYEMINARLAR BOSHLANDI

“MOTURIDIYLIK VA HOZIRGI ZAMON” MAVZUIDAGI TURKUM ILMIY SYEMINARLAR BOSHLANDI

Avval xabar qilganimizdek, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Bosh ilmiy xodimi, doktor Ahmad Sa’d Damanhuriy Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Moturidiylik va hozirgi zamon” mavzuidagi xalqaro ilmiy seminarlar haftaligida o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etmoqda.

12 avgust kuni doktor Ahmad Sa’d Damanhuriy Markaz ilmiy xodimlari bilan “Imom Moturidiy qarashlarining ilmiy ahamiyati” mavzuida davra suhbati o‘tkazdi. Tadbir davomida Moturidiyning hayoti va merosi haqida qimmatli ma’lumotlar aytib o‘tildi.

http://www.bukhari.uz/wp-content/uploads/2021/08/damanxuriy2_2.jpg

– Imom Moturidiy Injil, Tavrot kitoblarining ham bilimdoni, tafsir, kalom, fiqh, tasavvuf, falakiyot va tarix sohalarida ham mukammal ilmga ega bo‘lgan. U islom olamida eng ko‘p sharafli unvonlar bilan ulug‘langan yagona olimdir. O’z davridagi ulamolar orasida Moturidiyning obro‘-e’tibori juda yuqori bo‘lgan. Unga bejiz “Barcha hanafiy olimlar raisi” unvoni berilmagan. Moturidiy ijtihodda ham eng baland martabaga ko‘tarilgan olim, ilmu amalda barchaga o‘rnak bo‘lgulik sharafli inson edi, – deb ta’kidladi Damanhuriy.

Tadbir so‘nggida ilmiy xodimlar Moturidiylik ta’limotiga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.

http://www.bukhari.uz/wp-content/uploads/2021/08/damanxuriy2_3.jpg

Ahmad Sa’d Damanhuriy kunning ikkinchi yarmida Samarqand shahridagi tarixiy obidalarni ziyorat qildi, Samarqand qog‘ozini ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

Matbuot xizmati

AQIDADA IMOM BUXORIY KIMLARGA ERGASHGAN?

AQIDADA IMOM BUXORIY KIMLARGA ERGASHGAN?

Imom Buxoriy rahimahulloh davrida hali ahli sunnat va jamoatning ikki aqidaviy qanoti – ash’ariylar va moturidiylar shakllanib ulgurmagan edi. Zotan, Abulhasan al-Ash’ariy (260-324 h./874-936 m.) rahmatullohi alayhi va Abu Mansur al-Moturidiy (256-333 h./870-944 m.) rahmatullohi alayhi Imom Buxoriy rahimahullohning vafotidan keyin tug‘ilganlar. Shuning uchun ham, Imom Buxoriy rahimahullohning aqidasini sahobalar, tobe’inlar va tab’a tobe’inlardan iborat salafi solihinlarning aqidasi bilan bir xil bo‘lgan, deyish to‘g‘riroq bo‘ladi. Zotan, ash’ariylar va moturidiylarning ham aqidasi ularniki bilan hamohang edi. Imom Buxoriy rahimahulloh aqidada ko‘proq qaysi mutakallimlar bilan hammaslak va hame’tiqod bo‘lgan, degan savol bo‘lishi tabiiydir.

Ibn Hajar al-Asqaloniy (773-852 h./1372-1449 m.) rahimahulloh o‘zining “Sahihi Buxoriy”ga bitgan mashhur “Fath al-Boriy” asarida Imom Buxoriy rahimahulloh fiqh va aqidada o‘tmishdoshlaridan ko‘proq kimlarga ergashganini yozib qoldirgan. Tarixda “Sahihi Buxoriy”ni eng ko‘p va eng xo‘p tarzda o‘rgangan olim, shak-shubhasiz, Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahulloh hisoblanadi. U zotni “Sahihi Buxoriy”ga Imom Buxoriy rahimahullohning o‘zidan ham ko‘proq e’tibor bergan va xizmat ko‘rsatgan olim sifatida ta’riflanadi. Ana shu Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahulloh Imom Buxoriy rahimahullohning aqidaviy fikrlari qaysi mutakallimlar qarashlari orqali shakllanganini bu tarzda qayd qilgan:

مَعَ أَنَّ الْبُخَارِيَ فِي جَمِيعِ مَا يَرِدُهُ مِنْ تَفْسِيرِ الْغَرِيبِ إِنَّمَا يَنْقُلُهُ عَنْ أَهْلِ ذَلِكَ الْفَنِّ كَأَبِي عُبَيْدَةَ وَالنَّضرِ بْنِ شُمَيْلِ وَالْفَرَّاءِ وَغَيْرِهِمْ وَ أَمَّا الْمَبَاحِثِ الْفِقْهِيَّه فَغَالِبُهَا مُسْتَمِدَةٌ مِنَ الشَّافِعِيِّ وَ أَبِي عُبَيْد وَ أَمْثَالِهِمَا وَ أَمَّا الْمَسَائِلُ الْكَلَامِيَّه فَاَكْثَرُهَا مِنَ الْكَرَابِيسِيِّ وَ ابْنِ كُلَّابٍ وَ نَحْوِهِمَا

 “Shu bilan birga, Imom al-Buxoriy g‘arib (arxaik) so‘zlar izohida keltirgan narsalarining barchasini Abu Ubayda, Nazr ibn Shumayl, al-Farro va shu kabi boshqa olimlardan naql qiladi. Fiqhiy mavzularga keladigan bo‘lsak, ularning ko‘pchiligi Imom ash-Shofe’iy, Abu Ubayd va ularga o‘xshashlarga suyanilgan. Kalomiy masalalarning aksariyati esa al-Karobisiy, Ibn Kullob va ular kabilardan olingan” (Ibn Hajar al-Asqaloniy. Fath al-Boriy. 1-jild. – Riyoz: Dor Tayyiba, 2005. – B. 420.).

Mazkur iqtibosda tilga olingan olimlar bilan ozroq tanishsak. Bu yerda tilshunos olimlardan uchtasining nomi zikr qilingan:

Abu Ubayda Ma’mar ibn al-Musanno al-Basriy an-Nahviy (110-209 h./728-824 m.) rahimahulloh taniqli va mashhur arab tilshunos olimi. Hadis roviylaridan ham hisoblanadi. U zotning 200 ga yaqin asarlar yozganligi manbalarda aytiladi (Xayriddin az-Zirikliy. Al-A’lom. 7-jild. – Bayrut: Dor al-ilm, 2002. – B. 272). Jumladan, “Majoz al-Qur’on” nomli kitobi topilib, nashr qilingan (Abu Ubayda. Majoz al-Qur’on. – Misr: Xonjiy, 1954. – 424 b.).

Abulhasan an-Nazr ibn Shumayl (122-203 h./740-819 m.) rahimahulloh arab tilshunos olimlaridan biri, hadis roviysi. Bir muddat Marvda qozi ham bo‘lib turgan. “G’arib al-hadis”, “al-Maoniy” va “as-Sifot” nomli asarlari bo‘lgan (Xayriddin az-Zirikliy. Al-A’lom. 8-jild. – Bayrut: Dor al-ilm, 2002. – B. 33).

Abu Zakariyo Yahyo ibn Ziyod al-Farro ad-Daylamiy al-Ko‘fiy (144-207 h./761-822 m.) rahimahulloh esa taniqli va mashhur ko‘falik tilshunos olim, “Nahv ilmi amiri” degan unvonga sazovor bo‘lgan. “Maoniy al-Qur’on” asari nashr etilgan, u sakson nafarga yaqin o‘z davrining qozi, olim, ulamolari davrasida qilingan ma’ruzalari asosida “imlo” qilingan bo‘lgan (Xayriddin az-Zirikliy. Al-A’lom. 8-jild. – Bayrut: Dor al-ilm, 2002. – B. 145-146).

Imom Buxoriy rahimahulloh garchi o‘zlari fiqhda mujtahid bo‘lsa-da, fiqhiy mavzularni shofe’iylik mazhabi mujtahidi Muhammad ibn Idris ash-Shofe’iy (150-204 h./767-820 m.) rahmatullohi alayhi kabi faqihlarning fiqhiy qarashlari ta’sirida shakllantirgan. Shuningdek, Tarsusda 18 yil qozilik qilgan, o‘z davrida Bag‘dod va Misrning taniqli faqihi va muhaddis olimi sifatida faoliyat yuritgan Abu Ubayd Qosim ibn Sallom al-Haraviy (157-224 h./774-838 m.) rahimahulloh asarlaridan unumli foydalangan. U zot islom tarixida ilk bor g‘arib al-hadis yo‘nalishida, 40 yil davomida “al-G’arib al-musannaf” asarini yozgan buyuk olim hisoblanadi (Xayriddin az-Zirikliy. Al-A’lom. 5-jild. – Bayrut: Dor al-ilm, 2002. – B. 176). “G’arib al-hadis” degan mashhur nom bilan shuhrat qozongan mazkur kitobning eng qadimiy qo‘lyozma nusxasi O’zR FA ShI qo‘lyozmalar fondida saqlanadi (Qosim ibn Sallom. G’arib al-hadis. O’zR FA ShI qo‘lyozmasi, №  3101. – 132 v.).

Imom Buxoriy rahimahulloh kalom ilmida va aqidaviy qarashlarda o‘z zamondoshlaridan ikki nafar buyuk va taniqli mutakallimlarga ergashgan edi:

Abu Muhammad Abdulloh ibn Sa’id ibn Kullob (vaf. 245 h./860 m.) rahimahulloh “as-Sifot”, “Xalq al-af’ol”, “ar-Radd ‘ala al-mo‘‘tazila” kabi asarlar muallifi hisoblanadi. Ibn an-Nadim rahimahulloh “al-Fehrist” asarida uning “Kitob as-Sunnat va-l-jamoat” nomli asari bo‘lganini qayd qilgan (Ibn an-Nadim. Al-Fehrist / Tahqiq: Rizo Tajaddud.  – Tehron: Donishkada, 1971. – B. 230).

Yuqoridagi iqtibosda tilga olingan Abu Ali Husayn ibn Ali al-Karobisiy (vaf. 248 h./862 m.) rahimahulloh esa “Usul al-fiqh va furu’uhu” va “al-Jarh va-t-ta’dil” kabi kitoblar muallifi, o‘z davrining taniqli olimidir (Xayriddin az-Zirikliy. Al-A’lom. 2-jild. – Bayrut: Dor al-ilm, 2002. – B. 244).

Ahli sunnat va jamoatning katta qanoti bo‘lmish ash’ariylikning peshvosi, mutakallim olim Abulhasan al-Ash’ariy rahimahulloh ham kalom ilmida Ibn Kullob rahmatullohi alayh yo‘lini tutgan edi (Hasan Muharram al-Huvayniy. Abdulloh ibn Sa’id ibn Kullob – Shayx Abilhasan al-Ash’ariy. Hayotuhu va makonatuhu bayn aimmati Ahl as-sunna // al-Imom Abulhasan al-Ash’ariy: imom ahl as-sunna va-l-jamoa. 1-jild. Tasdir: Ahmad Tayyib shayx al-Azhar. A’mol multaqa al-olamiy al-xomis. 8-11 may.  – Qohira, 2010 yil. – B. 165).

Bu “al-Milal va-n-nihal”da Muhammad ibn Abdulkarim ash-Shahristoniy (479-548 h./1086-1153 m.) rahimahulloh tomonidan alohida qayd qilingan bo‘lib, unda bunday deyilgan:

حَتَّى اِنْتَهَى الزَّمَانُ إِلَى: عَبْدِ اللهِ بْنِ سَعِيدٍ الْكُلّابِي، وَ أَبِي الْعَبَّاسِ الْقَلَانُسِي، وَ الْحَارِثِ بْنِ أَسَدٍ الْمُحَاسِبِي؛ وَ هَؤُلَاءِ كَانُوا مِنْ جُمْلَةِ السَّلَفِ؛ إِلَّا أَنَّهُمْ بَاشَرُوا عِلْمَ الْكَلَامِ، وَ أَيَّدُوا عَقَائِدَ السَّلَفِ بِحُجَجٍ كَلَامِيَّةٍ وَ بَرَاهِينِ أُصُولِيَّةٍ، وَ صَنَّفَ بَعْضُهُمْ وَ دَرَّسَ بَعْضٌ. حَتَّى جَرَى بَيْنَ أَبِي الْحَسَنِ الْأَشْعَرِيّ وَ بَيْنَ أُسْتَاذِهِ مُنَاظَرَةً فِي مَسْأَلَةٍ مِنْ مَسَائِلِ الصَّلَاحِ وَ الْأَصْلَحِ فَتَخَاصَمَا؛ وَ اَحَازَ الْأَشْعَرِيُّ إِلَى هَذِهِ الطَّائِفَةِ، فَأَيَّدَ مَقَالَتَهُمْ بِمَنَاهِجِ كَلَامِيَّةٍ، وَ صَارَ ذَلِكَ مَذْهَبًاً لِأَهْلِ السُّنَّةِ وَ الْجَمَاعَةِ. وَ انْتَقَلَتْ سِمَةَ الصِّفَاتِيَّةِ إِلَى الْاَشْعَرِيَّةِ

“Zamon Abdulloh ibn Sa’id al-Kullobiy, Abulabbos al-Qalonisiy, Horis ibn Asad al-Muhosibiy davriga yetib keldi. Ular salafi solihlar jumlasidan edilar. Faqat ular kalom ilmini mahkam tutdilar. Salafi solihlarning aqidalarini kalomiy hujjatlar va usuliy dalillar bilan quvvatlab berdilar. Ularning ayrimlari kitob yozdilar, ayrimlari esa dars berish bilan cheklandilar. Hatto Abulhasan al-Ash’ariy bilan ustozlari orasida (kalom ilmidagi) “saloh va aslah” masalasida munozara yuz berdi, o‘zaro tortishib qoldilar. Imom al-Ash’ariy bu toifa tomonga o‘tdi. Ularning gaplarini kalom ilmi uslubiga ko‘ra quvvatlab berdi. Mana shu ahli sunnat va jamoatning bir mazhabi bo‘ldi. Allohning sifatlarini to‘g‘ri talqin qiluvchilar ash’ariylarga aylandi” (Muhammad ibn Abdulkarim ash-Shahristoniy. Al-Milal va-n-nihal. 1-jild. – Qohira: Dor al-ittihod al-urfiy, 1968. – B. 93.).

Ibn Xaldun (732-808 h./1332-1406 m.) rahimahulloh ham o‘zining dunyoga mashhur “Muqaddima” asarida bu haqida shunday yozgan edi:

إِلَى أَنْ ظَهَرَ الشَّيْخُ أَبُو الْحَسَنِ الْأَشْعَرِيُّ وَ نَاظَرَ بَعْضَ مَشِيخَتِهِمْ فِي مَسَائِلِ الصَّلَاحِ وَ الْأَصْلَحِ، فَرَفَضَ طَرِيقَتَهُمْ، وَ كَانَ عَلَى رَأْيِ عَبْدِ اللهِ بْنِ سَعِيدٍ بْنِ كُلَّابٍ وَ أبِي الْعَبَّاسِ الْقَلَانُسِيِّ وَ الْحَارِثِ ابْنِ أَسَدٍ الْمُحَاسِبِيِّ مِنْ أَتْبَاعِ السَّلَفِ وَ عَلَى طَرِيقَةِ السُّنَّةِ. فَأَيَّدَ مَقَالَاتِهِمْ بِالْحُجَجِ الْكَلَامِيَّةِ

“Shayx Abulhasan al-Ash’ariy zohir bo‘lgungacha (tortishuvlar) davom etdi. U zot (kalom ilmidagi) “saloh va aslah” masalasida o‘zining (aslida mo‘‘taziliy bo‘lgan) ayrim ustozlari bilan munozara olib borib, ularning yo‘llarini tark qildi. U zot Abdulloh ibn Sa’id ibn Kullob, Abulabbos al-Qalonisiy, Horis ibn Asad al-Muhosibiy fikrlarini qabul qildi. Ular esa salafi solihlarning davomchilari va sunnat yo‘lidagi olimlar edi. Shayx Abulhasan al-Ash’ariy kalomiy hujjatlar bilan ularning aytgan gaplarini quvvatladi” (Ibn Xaldun. Al-Muqaddima. 2-jild / Tahqiq:  Abdulloh Muhammad Darvesh. – Damashq: Maktaba al-Hidoya, 2004. – B. 218).

Bu yerda Ibn Kullob rahimahullohdan tashqari uning ikki nafar hammaslagining nomi ham tilga olindi:

Abulabbos Ahmad al-Qalonisiy (yashagan asri III-IV h./IX-X m.) rahimahulloh taniqli mutakallimlardan biri bo‘lib, hayoti va ijodi borasida to‘liq ma’lumotlar saqlanib qolmagan. U zot 150 ga yaqin asar yozgan bo‘lsa-da, birorta asari bizning davrimizgacha yetib kelmagan (Xalaf Abdulhakim al-Farjoniy. Al-Qalonisiy: hayotuhu va arouhu al-kalomiya // “Havliya kulliya ad-dirosot al-islomiya va-l-arabiya”.  Majalla Jome’a al-Azhar. – № 12/1. – Qohira, 2015. – B. 1127-1236).

Abu Abdulloh al-Horis ibn Asad al-Muhosibiy (165-243 h./782-857 m.) rahimahulloh mashhur so‘fiy ulamolardan, mutakallim olimlardan bo‘lib, o‘z davrida o‘zining tasavvufga oid fikrlari bilan shuhrat qozongan, mo‘‘taziliylarga qattiq raddiyalar berishi bilan tanilgan. Uning “Risolat al-Mustarshidin” asari mashhur bo‘lib, qayta-qayta nashr qilingan (Xayriddin az-Zirikliy. Al-A’lom. 2-jild. – Bayrut: Dor al-ilm, 2002. – B. 153).

Yuqorida aytilganidek, Imom Buxoriy rahimahulloh kalom va aqida ilmida Ibn Kullob rahmatullohi alayhi maslagida bo‘lgan. Tojiddin as-Subkiy rahimahulloh “at-Tabaqot ash-shofe’iya al-kubro”da:وَ ابْنُ كُلَّابٍ عَلَى كُلِّ حَالٍ مِنْ أَهْلِ السُّنَّةِ  — “Ibn Kullob har qanday holatda ahli sunnatdandir!” degan edi (Tojiddin as-Subkiy. At-Tabaqot ash-shofe’iya al-kubro. 2-jild. – Qohira: Dor ehyo al-kutub al-arabiya, 1964. – B. 300).

Shuning uchun ham, Imom Buxoriy rahimahulloh o‘zining “Xalq af’ol al-ibod” asarini ushbu Ibn Kullob rahmatullohi alayhining “Xalq al-af’ol” kabi asarlari va fikrlaridan ta’sirlanib yozgan, deya olamiz.

Ibn Kullob rahimahulloh Alloh taoloni jism singari tasavvur qiluvchi mujassimalikka asoslangan fikrlarga qarshi bo‘lgani sababli ayrim hanbaliylar xush ko‘rmaydilar. Bugungi kundagi soxta salafiylarning ham aqidaviy ta’limotlari mujassimalikdan ta’sirlangani bois Ibn Kullob rahimahulloh singari mutakallimlarga nisbatan ular tomonidan ta’na toshlari otilaveradi. Hatto bugungi kundagi soxta salafiylar, jumladan, Ibn Abdurrahmon al-Xammis kabilar o‘zlarining “al-Moturidiya rabiba al-Kullobiya” (“Moturidiylar kullobiylarning asrandisi”) degan risolalari bilan Ibn Kullob rahimahullohga qo‘shib moturidiylarga ham ta’na qilishdan toymayaptilar (Ibn Abdurrahmon al-Xammis. Al-Moturidiya rabiba al-Kullobiya. (“Hivor ma’a Ash’ariy” risolasi bilan birga). – Riyoz: Maktaba al-Maorif, 2005. – B. 153-182).

Shu bilan birga,  Imom Buxoriy rahimahulloh ham aqidada Ibn Kullob rahmatullohi alayhiga ergashganligini yashiradilar. Haqiqat shuki, Imom Buxoriy rahimahullohning aqidaviy ta’limoti Ibn Kullob, Imom Karobisiy, Imom al-Qalonisiy va Imom al-Muhosibiy rahmatullohi alayhim kabi mutakallimlarning aqidalari ta’siri va zaminida shakllangan edi.

Imom Buxoriy rahimahulloh ahli sunnat va jamoatning eng ko‘zga ko‘ringan olimi sifatida o‘z o‘tmishdoshlari singari aqidaviy qarashlarini ham bayon qilib ketgan. Uning e’tiqodiy fikrlari va bu e’tiqodga dalil bo‘lgan ma’lumotlarni keyingi avlod ko‘z qorachig‘idek saqlab va ularga bekamu ko‘st amal qilib keladi. Uning aqidaviy fikrlari “Sahihi Buxoriy”, “Xalq af’ol al-ibod” kabi asarlaridan tashqari alohida matn sifatida “Aqida” nomi bilan ham yozib qoldirilgan.

Hamidulloh Beruniy