“Al-Fiqh al-akbar”ning muallifi imom Abu Hanifa

“Al-Fiqh al-akbar”ning muallifi imom Abu Hanifa

Ayrim zamonaviy tadqiqotlarda “al-Fiqh al-akbar” Imomi A’zam Abu Hanifa No‘mon ibn Sobit al-Ko‘fiy (80-150 h./699-767 m.) tomonidan yozilmagan, degan fikr uchrab turadi. Bu fikr, asosan, A.J.Wensinck hamda Givony Jozeph, Joseph Schacht, Brannon M. Wheeler, Ulrich Rudolph va ularga ergashgan musulmon tadqiqotchilar tomonidan ilgari surilgan. Ushbu fikrlarga umumiy nazar solinsa, ular “al-Fiqh al-akbar”da ko‘tarilgan ayrim masalalar Imomi A’zam Abu Hanifa davrida ommalashmagan bo‘lgani sababidan aytilgan. Biroq, ommalashmagan deyilgan mazkur masalalar o‘sha davr mutakallim va mualliflari tomonidan ham ko‘tarilganiga, shuningdek, Imomi A’zam Abu Hanifa o‘z davrida mo‘‘taziliy, xavorij kabi oqim vakillari bilan bahs-munozaralar olib borganiga kam e’tibor qaratilgan. 

Ibn Qutayba (213-276 h./828-889 m.) tomonidan bitilgan “al-Ixtilof fi-l-lafz” asari hamda Abu Ja’far Ahmad at-Tahoviy (239-321 h./853-933 m.) tomonidan bitilgan “al-Aqidat at-tahoviya” degan nom bilan shuhrat qozongan “Bayon as-sunnat” asari kabilarga qaralsa, shuningdek, Imomi A’zam Abu Hanifa davrida yashagan mutkallimlarning ilmiy faoliyati va merosiga nazar solinsa, “al-Fiqh al-akbar”da ko‘tarilgan mavzular bularda ham ko‘tarilganini va unda ishlatilgan atama va istilohlar bularda ham qo‘llanilganini ko‘rish mumkin.

 “Al-Fiqh al-akbar” asari Imomi A’zam Abu Hanifa qalamiga mansub ekaniga bir qancha dalillar mavjud. Mazkur mujtahid olimning “al-Fiqh al-akbar” nomli asari bo‘lganiga Musulmon Sharqi shak-shubha bildirgan emas. Uni hanafiy olimlari ham, boshqa mazhab vakillari ham Imomi A’zam Abu Hanifaning o‘zi yozgan asar sifatida qayd qilib kelganlar:

Abu Mansur Abdulqohir al-Bag‘dodiy (vaf. 429 h./1037 m.) “al-Farq bayn al-firaq” hamda “Usul ad-din” nomli kitoblarida olimning “ar-Radd ‘ala-l-Qadariya” asarining nomi ayni “al-Fiqh al-akbar” ekanini aytib o‘tgan [Abdulqohir al-Bag‘dodiy ash-Shofe’iy. Al-Farq bayn al-firaq. – Qohira: Maktaba Ibn Sino, 1988.: 314; Abdulqohir al-Bag‘dodiy ash-Shofe’iy. Usul ad-din. – Istanbul: Matbaa ad-Davla, 1928.: 308]. 

Hoji Xalifa (1017-1067 h./1609-1657 m.) “Kashf az-zunun”da bu asarning roviysi sifatida Ismoil ibn Hammod ibn Abu Hanifa (vaf. 212 h./827 m.) ga tegishli ekanini aytadi [Kotib Chalabiy. Kashf az-zunun. 1-jild. – Istanbul: “Maorif” matbaasi, 1941.: 410]. 

Taniqli adib Ibn an-Nadim (vaf. 438 h./1047 m.) o‘zining aynan bio-bibliografik kitobi – “al-Fehrist”da uning mazkur “al-Fiqh al-akbar” asari hamda “ar-Risola ila-l-Battiy”, “al-Olim va-l-mutaallim”, “ar-Radd ‘ala-l-Qadariya” asarlari borligini qayd qilgan [Ibn an-Nadim. Al-Fehrist / Tahqiq: Rizo Tajaddud. – Tehron, 1971.: 256]. 

Sadrulislom Abulyusr Muhammad al-Bazdaviy (421-493 h./1030-1100 m.) “Usul ad-din” asarida: “Bizgacha Imomi A’zam Abu Hanifaning “al-Olim va-l-mutaallim” va “al-Fiqh al-akbar” kitoblari yetib kelgan”, deb yozgan edi [Abulyusr Muhammad al-Bazdaviy. Usul ad-din. – Qohira: Maktaba al-Azhariya, 2003.: 15].

“Fehrist” asarida Imomi A’zam Abu Hanifaning faqat “al-Fiqh al-akbar” asari tilga olingan, “al-Fiqh al-absat”ning nomi esa zikr qilinmagan. Biroq, undan oldin yozilgan “al-Farq bayn al-firaq”da “al-Fiqh al-akbar” bilan birga yana bir risola tilga olingan. Uni: “Imomi A’zam Abu Hanifaning ahli sunnatning: “Istitoat (kuch-qudrat) fe’l bilan birga bo‘ladi”, degan gapini qo‘llab-quvvatlash maqsadida imlo qildirgan yana bir risolasi bor”, deb ta’riflangan [Abdulqohir al-Bag‘dodiy ash-Shofe’iy. Al-Farq bayn al-firaq. – Qohira: Maktaba Ibn Sino, 1988.: 314]. 

“Istitoat (kuch-qudrat) fe’l bilan birga bo‘ladi”, degan masala “al-Fiqh al-akbar”da ko‘rib chiqilmagan, balki u haqida “al-Fiqh al-absat”da batafsil so‘z yuritilgan. “Demak, “al-Farq bayn al-firaq” yozilgan davrlarda hanafiy olimlardan boshqalarga ham Imomi A’zam Abu Hanifaning garchi nomi ma’lum bo‘lmasa-da “al-Fiqh al-absat” asarining mazmuni ma’lum bo‘lgan va u “al-Fiqh al-akbar”dan boshqa bir risolasi ekani ham ayon bo‘lgan. Mazkur “al-Fiqh al-absat” asari “Imomi A’zam Abu Hanifadan fiqhi akbar haqida so‘radim”, deb boshlangani uchun “Ikkinchi “al-Fiqh al-akbar” ham deyiladi. Shuning uchun, tabaqot va tarjimai holga bag‘ishlangan asarlarda Abu Mute’ al-Balxiyni “al-Fiqh al-akbar”ning roviysi sifatida ko‘rsatilgan bo‘lishi mumkin. Aytganimizdek, u zot aynan “al-Fiqh al-akbar”ning roviysi emas, balki uning ikkinchi varianti deb qaralayotgan “al-Fiqh al-absat”ning roviysidir.

Imomi A’zam Abu Hanifa aqidaviy manbalari orasida eng ishonchlisi “al-Fiqh al-akbar” bo‘lib, unda hanafiylik va moturidiylikning eng asosiy aqidalari yoritilgan. Shuning uchun, hanafiylar va moturidiylar ko‘proq yashaydigan qadim Movarounnahr, Onado‘li, Hind-Sind o‘lkalarida, Suriya tomonlardagi hanafiylar orasida hozirgacha mazkur asar to‘lig‘icha mukammal va mufassal ravishda o‘qitiladi, madrasalarning asosiy o‘quv qo‘llanmalari qatorida turadi, talabalar uni boshidan oxirigacha to‘liq yod oladilar. Biroq, bu yurtlarda Imomi A’zam Abu Hanifaning boshqa aqidaviy asarlari ommalashmagan, hatto ayrim ahli ilmlar ularning borligi haqida ma’lumotlarga ham ega emaslar. U zotning vasiyatnomalari to‘g‘risida bilganlar ham, uning “al-Fiqh al-absat” asari borligini aytmaydilar. Mazkur “al-Fiqh al-absat” asarining birorta, birgina ham qo‘lyozma nusxasining O’zbekistonda, va aytish o‘rinliki, butun Markaziy Osiyo qo‘lyozmalar jamg‘armalarida yo‘qligi ham buni tasdiqlaydi. 

Shu bilan birga, asrlar davomida “al-Fiqh al-akbar” o‘nlab sharhlar bitilgani holda “al-Fiqh al-absat”ga faqat bitta sharh yozilgani ma’lum. Uning ham bo‘lsa, asl muallifi bahsli hisoblanadi. Chunki mazkur “al-Fiqh al-absat”ga bitilgan sharh Abu Mansur al-Moturidiyga yanglish ravishda nisbat qilinib, Haydarobodda 1325, 1365 h. sanalarda va Bayrutda 1983 yillarda nashr qilingan. Biroq, keyinchalik mazkur sharh bir qancha tadqiqotchilar tomonidan Abullays as-Samarqandiyga nisbat qilingan va 1995 yili Tokioda Hans Daiber tomonidan nashr ham qilingan. Sharh ayrim qo‘lyozma nusxalarida Ismoil ibn Ishoq al-Hatiriyga nisbat qilingan. Biroq, uning Ato ibn Ali al-Juzjoniyga mansubligi to‘g‘riroq ekani o‘z isbotini topdi [Züleyha Birinci. Abû Mutî’ Rivâyetli el-Fɪkhü’l-ekber Şerhi’nin Müellifi meselesi // M.Ü. İlâhiyat Fakültesi Dergisi. 35 (2008/2). İstanbul, 2008.: 57-72]. 

Al-Fiqh al-akbar” asarining ishonchli roviylar tomonidan rivoyat qilingan silsilasi Turkiye Diyanet Vakfi Islam ansiklopedisi va Muhammad Zohid al-Kavsariy (1296-1371 h./1878-1952 m.) ma’lumotiga ko‘ra, Nusayr ibn Yahyo → Ibn Muqotil → Isom ibn Yusuf → Hammod ibn Abu Hanifa → Imomi A’zam Abu Hanifa hisoblanadi. Sanad silsilasi bir qancha qo‘lyozmada, shu jumladan, Madinai munavvaradagi Orif Hikmat kutubxonasida saqlanayotgan 226, 234 tartib raqamli qo‘lyozma majmuasi tarkibida uchraydi. Roviylarning barchasi taniqli hanafiy olimlari bo‘lib, bu holat asarning ishonchlilik va muallifga mansublik jihatini yana bir bor quvvatlaydi [Şerafettin Göljük, Adil Bebek. el-Fikhü’l-ekber // Turkiye Diyanet Vakfi Islam ansiklopedisi. 12 cilt. – Turkiye: Turkiye Diyanet Vakfi Yayinlari, 1995.: 544; Al-Olim va-l-mutaallim. Rivoyati Abi Muqotil ‘an Abi Hanifa / Tahqiq: Muhammad Zohid al-Kavsariy. – Qohira: Matbaa al-Anvor, 1949.: 6-7].

Hammod ibn Abu Hanifadan rivoyat qilingan “al-Fiqh al-akbar”ning yana bir rivoyat silsilasi mavjud. Uni Istanbuldagi “Muhammad Fotih” universiteti professori Muhammad Abu Bakr Abdulloh Bozib o‘zining mazkur asarning savol-javobli qilib qayta ishlagan variantida keltirib o‘tgan [Muhammad Abu Bakr Abdulloh Bozib. Tabsit matn al-Fiqh al-akbar ‘ala tariqat as-suol va-l-javob. – Qohira: Dor as-Solih, 2016.: 7]. 

U Shayx Muhammad Amin Siroj (1348-1442 h./1929-2021 m.) ning shogirdi bo‘lib, u esa Shayxulislom Muhammad Zohid Kavsariyning oxirgi shogirdlaridan hisoblanadi. Rivoyat silsilasi “Sahihi Buxoriy”ning “Fath al-Boriy” nomli eng mashhur sharhini bitgan Ibn Hajar al-Asqaloniy (773-852 h./1372-1449 m.) ga yetkazilgan. Ibn Hajar al-Asqaloniy esa o‘zining “al-Mo‘‘jam al-mufahras” asarida aynan Hammod ibn Abu Hanifagacha yetgan rivoyat silsilasini to‘liq keltirib o‘tgan [Ibn Hajar al-Asqaloniy. Al-Mo‘‘jam al-mufahras. – Bayrut: Muassasa ar-Risola, 1998.: 269]. Unda Ibn Hajar al-Asqaloniydan to Hammod ibn Abu Hanifagacha 10 nafar olimning nomi zikr qilingan. 

Roviylar silsilasidagi birinchi olim Nusayr ibn Yahyo al-Balxiy (vaf. 268 h./882 m.) qo‘lyozmalarda Nasr ibn Yahyo shaklida ham uchraydi, aslida ular bir shaxs hisoblanadi. U Abu Sulaymon al-Juzjoniy (vaf. 200 h./815 m.) va Muhammad ibn Muqotil (vaf. 248 h./862 m.) shogirdlaridan bo‘ladi. Buyuk muhaddis va faqih Ahmad ibn Hanbal (164-241 h./780-855 m.) bilan uchrashgan, ilmiy bahslar olib borgan, Muhammad ibn Muhammad ibn Sallom (vaf. 305 h./918 m.) undan rivoyat olgan [Abdulqodir al-Qurashiy. Al-Javohir al-muziya. 2-3-jild. – Hajar: Dor at-Tibo’a va-n-nashr, 1993.: 546]. Nusayr ibn Yahyo buyuk mutakallim Abu Mansur al-Moturidiy (256-333 h./870-944 m.) ning ham bevosita ustozlaridan biri hisoblanadi.

Muhammad ibn Muqotil ar-Roziy (vaf. 248 h./862 m.) hanafiy faqihi va olimlaridan biri. Rayda qozilik qilgan. Muhammad ash-Shayboniy shogirdlaridan hisoblanadi. Sufyon ibn Uyayna (107-198 h./725-814 m.) va Vake’ ibn al-Jarroh (129-197 h./746-812 m.) kabi muhaddislardan hadis rivoyat qilgan [Abdulqodir al-Qurashiy. Al-Javohir al-muziya. 2-3-jild. – Hajar: Dor at-Tibo’a va-n-nashr, 1993.: 372].         

Abu Ismat Isom ibn Yusuf al-Balxiy (vaf. 215 h./830 m.) hanafiy faqihlari Abu Yusuf va Muhammad ash-Shayboniy shogirdi hisoblanadi. Sufyon as-Savriy (97-161 h./716-778 m.) va Sho‘‘ba ibn al-Hajjoj (82-160 h./701-776 m.) kabi muhaddislardan hadis rivoyat qilgan [Abdulqodir al-Qurashiy. Al-Javohir al-muziya. 2-3-jild. – Hajar: Dor at-Tibo’a va-n-nashr, 1993.: 527-528]. 

Hammod ibn Abu Hanifa (vaf. 176 h./792 m.) o‘z otasidan ilm olib, faqih sifatida tanilgan, parhezkor olim bo‘lgani naql qilingan. Ko‘fa va Basrada bir muddat qozi bo‘lgan [Mahmud al-Kafaviy. Katoib a’lom al-axyor. 2-jild. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 2019.: 256]. 

Shu tariqa, asosan, Balx orqali “al-Fiqh al-akbar” Movarounnahrga kirib kelgan va moturidiylik ta’limotiga asos qilib olingan. Ilmiy izlanish natijalari shuni ko‘rsatadiki, hanafiylik mazhabi mujtahidi Imomi A’zam Abu Hanifa bir qancha asarlarni o‘zi yozgan bo‘lib, ulardan biri aynan “al-Fiqh al-akbar”deb ataladi. “al-Fiqh al-akbar” ilk bor muallifning o‘g‘li Hammod ibn Abu Hanifa tomonidan rivoyat qilib tarqatilgan. “al-Fiqh al-akbar” Imomi A’zam Abu Hanifaning keyinchalik “al-Fiqh al-akbar” deb atalgan asaridan boshqa bo‘lgan. “al-Fiqh al-akbar” asrlar davomida musulmon o‘quv yurtlari va madrasalarida kalom va aqida ilmidan o‘quv darcligi sifatida xizmat qilib kelgan. Bu esa asarning aynan mujtahid olimga tegishli ekanining bir isbotidir.

Ayrim sharqshunoslar va tadqiqotchilar orasida “al-Fiqh al-akbar”ni Imomi A’zam Abu Hanifaga tegishliligi borasida gap-so‘z qo‘zg‘alib, ularning ba’zi birovlari mansublikni inkor qilishgacha va shubha ostiga olishgacha borganlar. Jumladan, A.J.Wensinck ilk bor “al-Fiqh al-akbar”ni muallif o‘zi yozmagan, degan fikrlarni ilgari surgan. U “al-Fiqh al-akbar”ning ikki varianti borligini, muallifning shogirdi Abu Mute’ Hakam ibn Abdulloh al-Balxiy (117-199 h./735-814 m.) rivoyatini “al-Fiqh al-akbar”I, muallifning o‘g‘li Hammod ibn Abu Hanifa (vaf. 176 h./792 m.) tomonidan rivoyat qilinganini esa “al-Fiqh al-akbar”II shaklida berib, birinchisi muallifning vafotidan keyinoq qalamga olinganini, ikkinchisi esa ancha kech, taqriban X asrlarda yaratilganini aytadi [Wensinck A.J. The Muslim Creed. Its genesis and histirical development. – London: Cambridge at the University Press, 1932.: 102-124, 188-247, 264]. U “al-Fiqh al-akbar”I deganda islom olamida “al-Fiqh al-absat” nomi bilan shuhrat qozongan asarni, “al-Fiqh al-akbar”II deganda esa, bizning hozirgi qo‘limizdagi, asrlar davomida madrasalarda kalom bo‘yicha o‘qitilib kelingan aqidaviy matnni nazarda tutgan. Givony Jozeph, Joseph Schacht, Brannon M. Wheeler, Ulrich Rudolph va boshqa sharqshunoslar esa uning fikrini takrorlaganlar, xolos.

Sharq olimlaridan Ahmad Amin, Shibliy No‘‘moniy, Muhammad Abu Zahra, Ali Samiy Nashshor kabilarning ham ayrim e’tirozlari mavjud.   Sharqshunoslar fikriga ko‘ra, “al-Fiqh al-akbar”da keltirilgan ayrim kalom ilmiga oid mavzular va javhar (modda, materiya, atom, essensiya) yoki araz (aksidensiya, simptom) singari yunon va arab bo‘lmagan boshqa faylasuflar asarlaridan o‘tib kelgan falsafiy istilohlar Imomi A’zam Abu Hanifaning davrida keng tarqalmagani uning muallif tomonidan yozilganligini shubha ostiga qo‘yadi. Biroq, Imomi A’zam Abu Hanifani mazkur atamalarni bilmagan, deyish asosli emas. Chunki, yunon va arab bo‘lmagan faylasuflarning asarlarini tarjima qilish uning zamonida hali keng ommaviy tus olmagan bo‘lsa-da, lekin, bir qancha falsafiy asarlar to‘liq tarjima qilish va ular bilan tanishish boshlangan edi. Bu borada bir qancha alohida tadqiqot ishlari yaratilgan.

Shu bilan birga, Hazrati Umar raziyallohu anhu davridan beri islom sarhadlari fathlar hisobiga kengayib borardi. Arablar ajamlarning ilmi bilan tanishar, islom ulamolari boshqa din olimlari bilan tez-tez bahs-munozara qilib turishardi. Ana shunday bahs-munozaralarda bu xildagi atama va istilohlar ishlatilar, ulardan keng omma xalq xabardor bo‘lmasa ham, lekin islom ulamolari xabardor edilar [Hammod Rizo Nuriy. Kitobi Fiqhi akbar. Tahqiq va tadqiq. – Lohur: Zoviya, 2013.: 50]. Aynan falsafiy atamalar bo‘lmish javhar, jism va araz kabilar Imom A’zam Abu Hanifagacha bo‘lgan islom olimlari tomonidan ham qo‘llanilgani bir qancha manbalardan ma’lum. Jumladan, mo‘‘taziliylar raislaridan biri Amr ibn Ubayd (80-144 h./699-761 m.) ham o‘z asarlarida bu atamalarni ishlatgan [Adilbayev A., Adilbayeva Sh. Abu Xanifa i xanafitskiy mazxab. – Almatы: Kokjiyek, 2014.: 409].   

Shuningdek, ayrim sharqshunoslar imonning tasdiq va iqrordan iborat ekani, mo‘‘minlarning ma’rifatda tengligi-yu, boshqa jihatlardan farqli bo‘lishi, mo‘‘min kimsaning har qanday gunohi sababli takfir qilinmasligi haqidagi fikrlarni ham Imom A’zam Abu Hanifaga tegishli emas, deb topishgan [Şerafettin Göljük, Adil Bebek. el-Fikhü’l-ekber // Turkiye Diyanet Vakfi Islam ansiklopedisi. 12 cilt. – Turkiye: Turkiye Diyanet Vakfi Yayinlari, 1995.: 545]. 

Aqidalar mavzusi bilan shug‘ullanuvchi, “al-Fiqh al-akbar”ni batafsil sharh qilgan soxta salafiylarning mutaxassisi Muhammad ibn Abdurrahmon Xumayyis esa Allohning Muso alayhissalomga til va harflar vositasisiz gapirgani, “Qur’on”ni talaffuz qilish masalasi, jannatda Allohni jihat (biror tomon) va masofasiz ko‘rish haqidagi mavzular Imom A’zam Abu Hanifa davridan keyin vujudga kelgani haqida yozadi [Muhammad ibn Abdurrahmon al-Xumayyis. Al-Fiqh al-akbar li-l-Imom Abi Hanifa / Sharhan va dirosatan, 2 jild. – Riyoz: Maktaba ar-rushd, 2015.: 8; Muhammad ibn Abdurrahmon al-Xumayyis. Ash-sharh al-muyassar ‘ala al-fiqhayn al-Absat va-l-Akbar al-mansubayn li-Abi Hanifa. Ajmon: Maktaba al-Furqon, 2000.: 3; Muhammad ibn Abdurrahmon al-Xumayyis. Usul ad-din inda al-Imom Abi Hanifa. – Riyoz: Dor as-Sumay’iy, 1996.: 142]. 

Shu bilan birga, Muhammad ibn Abdurahmon al-Xumayyis Imomi A’zam Abu Hanifaning o‘g‘li Hammod tomonidan rivoyat qilingan “al-Fiqh al-akbar”ni muallifning eng ishonchli asari deb biladi. Chunki, uning shuhrati dong taratgani, hanafiy ulamolari ham, boshqa mazhab ulamolari ham uni muallifning asari sifatida e’tirof qilganlari, muhaqqiq olimlar esa uning mazkur asaridan ko‘plab iqtiboslar keltirganlari, shu bilan birga undagi aqidaviy masalalar Imom at-Tahoviy qaror qilgan aqidalar majmuiga mutlaqo muvofiqligi bunga sabab, deb ko‘rsatadi.

Abu Ja’far Ahmad at-Tahoviy (239-321 h./853-933 m.) hanafiy mazhabi olimi bo‘lib, u o‘zining “al-Aqidat at-tahoviya” degan nom bilan shuhrat qozongan “Bayon as-sunnat” asarida Imomi A’zam Abu Hanifa hamda uning ikki shogirdi Abu Yusuf (113-182 h./731-798 m.) va Muhammad ash-Shayboniy (131-189 h./748-804 m.) aqidaviy qarashlarini aks etirgan va buni shu asarining o‘zida alohida qayd qilgan [Abu Ja’far at-Tahoviy. Bayon as-Sunnat. – Qozon: Maorif kutubxonasi, 1910.: 2]. 

Aslini olganda, mazkur mavzular ko‘tarilgani va bahs-munozaralarga sabab bo‘lgani uning davrida va undan oldingi bitilgan manbalarda, shu jumladan, oyat va hadislarda ham mavjudligi “al-Fiqh al-akbar”ga ushbu mavzular ham kiritilganini asoslab bera oladi. Imom A’zam Abu Hanifaga bag‘ishlangan qariyb barcha manoqibiy asarlarda u zotning o‘z davridagi xavorijlar, mo‘‘taziliylar, qadariylar va murjiiylar singari bir qancha oqimlar bilan bahslar olib borgani birma-bir qayd qilingan. Jumladan, imonning tasdiq va iqrordan iborat ekanligi haqidagi fikr Imomi A’zam Abu Hanifa mo‘‘taziliylar rahnamolaridan Jahm ibn Safvon (78-128 h./696-746 m.) bilan uchrashganida aytilgan edi. Shunda, u zot insonning qalbi bilan Allohni tanib qo‘yaverishi to shuni tilga olmaguncha mo‘‘minlikka kifoya qilmasligini aytganlar [So’id al-Ustuvoiy an-Naysoburiy. Kitob al-E’tiqod. Aqida marviyya ‘an al-Imom al-A’zam Abi Hanifa. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 2005.: 102]. Bu ma’lumot esa “al-Fiqh al-akbar” unga mansubligini ham tasdiqlaydi. 

Mo‘‘min kimsaning har qanday gunohi sababli kofirga chiqarilmasligi haqidagi masala esa sahobalar davridan beri bor edi. Imomi A’zam Abu Hanifa “al-Fiqh al-akbar”dagi bu boradagi qat’iy qoidalarga esa xavorijlar bilan olib borgan bir nechta bahs-munozaralar natijasida kelgani aniq.

“Qur’on”ning “maxluq” (“yaratilgan”) ekani va uni talaffuz qilish masalasi esa Imomi A’zam Abu Hanifa davrida ko‘tarilgani borasida manoqiblarda bir qancha dalillar keltirilgan. Ibn Abdurahmon al-Xumayyisning “Qur’on”ni talaffuz qilish masalasi Imomi A’zam Abu Hanifa davridan keyin vujudga kelgan, degan gapi noto‘g‘ri. Bu aqida Imom A’zam Abu Hanifa davrida ham ko‘tarilgan, lekin u zotning qat’iy sa’y-harakatlari tufayli bu masala ommaviylashmasdan yopiqligicha qolgan edi. Ibn Qutayba (213-276 h./828-889 m.) “al-Ixtilof fi-l-lafz” asarida u zotning bu ishini minnatdorchilik bilan eslagan [Ibn Qutayba ad-Dinavariy. Al-Ixtilof fil-l-lafz. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 1985.: 47-50]. 

Mo‘‘taziliylardan chiqqan ushbu aqida sababli Imom A’zam Abu Hanifa raddiya sifatida ilk bor “al-Fiqh al-akbar” asarida bu masalaga qayta-qayta to‘xtab o‘tishga majbur bo‘lganlar. Mo‘‘jiza, karomat va istidroj borasidagi mavzularni ham “al-Fiqh al-akbar” yozilgan davrida ommalashmagani, tasavvuf Imomi A’zam Abu Hanifadan keyin keng tus olgani sababli asarni muallifga nisbatini shubhaga qo‘yuvchilarga buyuk olimning zuhd va ruhiy tarbiya bilan hayot kechirganini aytish o‘rinlidir. Uning davrida Ja’fari Sodiq (80-148 h./699-765 m.) va ayni Ko‘fada yashagan Abu Hoshim as-So‘fiy (vaf. 150 h./767 m.) kabilar tasavvuf bilan hayot kechirgani ma’lum. U zot Ja’fari Sodiq bilan uchrashib, suhbatlashgan, umrining oxirgi ikki yilini tasavvuf hayoti bilan yashaganiga ishora qilib, لَوْ لَا السَّنَتَانِ لَهَلَكَ النُّعْمَانُ – “Agar ikki yil bo‘lmaganda, No‘‘mon halok bo‘lardi!” degan mashhur gaplari mo‘‘jiza, karomat va istidroj haqida so‘z yuritishiga kifoya qilsa kerak [Ramazan Altintaş. Ebû Hanîfe’nin Kelam Metodu ve “el-Fıkhu’l-Ekber” adlı Eserine Yöneltilen Bazı İtirazlar // “İslâmî Araştırmalar” Dergisi. Cilt: 15. Sayi: 1-2. – Ankara: Türkiye Ekonomik ve Kültürel Dayanışma Vakfı (TEK-DAV), 2002.: 197].     

Umuman olganda, “al-Fiqh al-akbar”ga kiritilgan mavzularning barchasi davr taqozosi bilan yozilganiga shubha qilmasa ham bo‘ladi. Shu bilan birga kalom ilmining mukammal shakllanishida Imom A’zam Abu Hanifaning alohida xizmatlari borki, buni inkor qilib bo‘lmaydi. Binobarin, u o‘zidan keyingi davrlarda ommalashgan aqidaviy mavzular bo‘yicha ancha ilgari yozib ketgan bo‘lsalar, bu uning buyuk olim bo‘lganini tasdiqlaydi, xolos.          

Aslida, “al-Fiqh al-akbar” Imomi A’zam Abu Hanifaga tegishli emas, degan shubha o‘rta asrlardayoq tarqalgan edi. Uning kelib-chiqishiga mo‘‘taziliylar sababchi bo‘lishgan. Mo‘‘taziliylar “al-Fiqh al-akbar”ni Imomi A’zam Abu Hanifaniki emas, balki Abu Hanifa Muhammad ibn Yusuf al-Buxoriy degan shaxsga mansub, deb chiqishgan edi. Bu borada Burhoniddin al-Marg‘inoniy (511-593 h./1117-1197 m.)ning shogirdi Shams al-aimma al-Kardariy (559-642 h./1164-1244 m.) xabar berib, bu mo‘‘taziliylardan chiqqan asossiz gap, degan va shu paytgacha ahli sunnat va jamoatning barcha mashoyixlari “al-Fiqh al-akbar”ni Imomi A’zam Abu Hanifaga tegishli ekanligini aytib kelishganini yozgan [Ali al-qori. Al-Asmor al-janiya. – Patna: Xudobaxsh, 2002.: 53-54]. Najmulg‘ani Rompuriy (1276-1351 h./1860-1932 m.) esa “Ta’lim al-imon” sharhida bu mavzuga to‘xtalib, “al-Fiqh al-akbar” bizlargacha ochiq-oydin va mashhur sanadlar bilan yetib kelgan. Uni Imomi A’zam Abu Hanifa yozganligi aniq. Muhammad ibn Yusuf al-Buxoriy yozgan degan gap esa aniq xato va sharmandali tuhmatdir”, degan gapni keltirib o‘tadi [Najmulg‘ani Rompuriy. Ta’lim al-imon. – Karochi: Orombog‘, 1970.: 4-5].

Muftiy Azizurrahmon Imomi A’zam Abu Hanifa hayoti va ijodi haqida yozgan kitobida Shibliy No‘‘moniyning “Siyrati No‘‘mon” asaridagi “al-Fiqh al-akbar” umuman buyuk imomga tegishli emas, degan gapiga taajjublanadi va uning asossiz gap ekanini qayd qiladi. Shu bilan birga, uning shubhalariga birma-bir to‘xtalib, qoniqarli javoblar taqdim qiladi. Biroq, Muftiy Azizurrahmon ham Abu Mute’ al-Balxiy rivoyatidagi “al-Fiqh al-akbar”ning “al-Fiqh al-absat” deb atalayotgan asarini muallifga tegishli deb biladi. “al-Fiqh al-akbar”ning Hammod ibn Abu Hanifa rivoyatidagi mashhur variantini esa Muhammad ibn Yusuf al-Buxoriy yozgan, degan gumonga keladi [Mahmud al-Kafaviy. Katoib a’lom al-axyor. 2-jild. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 2019.: 360-368].

“Abu Hanifa” kuniyasiga ega Muhammad ibn Yusuf al-Buxoriy “Fiqh al-akbar”ni yozgan, degan gap quruq gumondan boshqa narsa emas. Hanafiylar tabaqotiga oid “al-Javohir al-muziya”da aytilishicha, “Abu Hanifa” kuniyasi bilan tanilgan Muhammad ibn Yusuf karomatni inkor qilgan [Abdulqodir al-Qurashiy. Al-Javohir al-muziya. 2-3-jild. – Hajar: Dor at-Tibo’a va-n-nashr, 1993.: 412]. “al-Fiqh al-akbar”ning o‘zida esa “Avliyolar uchun karomatlar haqdir”, deb keltirilgan. Shu birgina dalilning o‘zi ham “Fiqh al-akbar”ni u yozmaganligini tasdiqlay oladi. 

Mo‘‘taziliylar “Fiqh al-akbar”ni Imomi A’zam Abu Hanifa yozmagan, degan gapni tarqatishlarining sababi esa ushbu asarda ularga bir qancha raddiya fikrlar mavjud. Jumladan, Allohning sifatlari va ularning qadimiy va azaliy deb berilishi, “mutashobeh” deb atalgan sifatlarni ta’vil qilmaslik masalasi, qiyomatda Allohni ko‘rish masalasi, qabr azobining haqligi, jannat va do‘zaxning hozirda ham mavjudligi, avliyolarning karomati kabilar mo‘‘taziliylarga raddiya hisoblanadi. Shuning uchun, mo‘‘taziliylar mazkur kitob ularga buyuk imom, ulug‘ mazhabboshi tomonidan raddiya o‘laroq yozilmagan, deyishdan tap tortishmagan.

Umuman olganda, “al-Fiqh al-akbar” va uning muallifligi masalasida bildirilgan e’tirozlarning ko‘pchiligi quruq shubha va gumondangina iboratdir. Ular biror bir ishonchli va mantiqli dalil-hujjatga suyanilmagani bois e’tiborga arzimaydi, deya olamiz. “al-Fiqh al-akbar” hanafiy mazhabi muassisi Imomi A’zam Abu Hanifa tomonidan bitilgan ilk aqidaviy matnlardan biri hisoblanadi.           

 

Xamidulla Aminov Abdiraximovich,

O’zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti

katta ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi

“AL-OLIM VAL MUTAALLIM” ASARI SHUBHASIZ IMOM A’ZAM ABU HANIFA ROHIMAHULLOHNING ASARI

“AL-OLIM VAL MUTAALLIM” ASARI SHUBHASIZ IMOM A’ZAM ABU HANIFA ROHIMAHULLOHNING ASARI

Oqilov Saidmuxtor –  Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi

 bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi. Dotsent.

 

Buguni kunda ijtimoiy tarmoqlarda yetarlicha ilmga ega bo‘lmagan, ilmga bo‘lgan sadoqatni va omonatni anglab yetmagan ba’zi fitnachi kimsalar tomonidan Abu Hanifa rohimahullohga asrlarda davomida nisbat berilib kelinayotgan aqidaga oid asarlarining barchasini uning asarlari emas, degan da’voni ilgari surayotgani ajablanarli holatdir. 

O’zlarining g‘arazli maqsadlari yo‘lida asl ilmiy haqiqatlarni yashirish hamda ilmiy faktlarni buzib talqin qilish orqali jamiyatda kishilarni chalg‘itishga va odamlarni ilmdan uzoqlashtirishga urinayotgan, fitnaga sabab bo‘layotgan “olimlar”ning bunday nomaqbul hatti-harakati Abu Hanifa rohimahullohning ilmiy merosiga nisbatan tuhmat va kamsitish bilan bir qatorda asrlar davomida ahli sunna val jamoa aqidaviy ta’limoti sifatida e’tirof etib kelinayotgan hanafiya aqidasini yerga urish bilan barobardir. Aslida bu kabi “olimlarning” ham asl maqsadi shu bo‘lib, yurtimizdagi musulmonlar orasida hanafiya-moturidiya aqidasiga nisbatan ixtilofni uyg‘otib, ularni soxta salafiylik g‘oyalariga jalb qilishdir. 

Biz mazkur maqolamizda Abu Hanifa rohimahullohga nisbat berib kelingan «al-Olim val mutaallim» asarini “olimlar” tomonidan iddao qilayotgan – Abu Hanifadan boshqa odam yozgan degan tuhmatiga raddiya berishni maqsad qildik. 

Soxta salafiylarning ta’kidlashicha, «al-Olim val mutaallim» asarini Imom A’zam yozmagan emishlar, chunki Imom A’zam davrlarida (“al-Fiqh al-akbar”, “al-Fiqh al-absat”, “Risola ala Usmon al-Battiy”, «al-Olim val mutaallim») unga nisbat berilgan asarlarda ko‘tarilgan mavzular keyingi davrlarda yuzaga kelgan emish. Bu bilan ular Imom A’zam rohimahullohni  aqida ilmi bilan shug‘ullanmaganligi va salafiylar aqidasida bo‘lganini uqtirishga harakat qilmoqda.

Uning fikricha,  «al-Olim val mutaallim» asarining sanadi va rivoyat qilgan olimlar shajarasi ixtilofli emish. Endi «al-Olim val mutaallim» asariga kelsak, aslida ushbu asarni bir qancha zamonaviy tadqiqotchilar yanglish ravishda Imom A’zamdan boshqa olimlarga nisbat berishgan. Soxta salafiylar kabi ilmsiz toifalar ham aynan shu chigalliklarni o‘ziga dalil qilib olmoqda.  Masalan, Abul Muin an-Nasafiyning «Bahr al-kalom» asarini nashrga tayyorlagan arab tadqiqotchisi Valiyuddin Muhammad Solih al-Farfur Xayruddin az-Zirikliyning ma’lumotiga tayanib, «al-Olim val mutaallim» asarini Abul Muinga nisbat bergan. Shuningdek, Rossiya FA Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida ham ushbu asarning qo‘lyozmasi yanglish ravishda Abul Muin Nasafiy nomi bilan saqlanmoqda. 

Xullas, mana shunday chigal fikrlarni nazarda tutib, «al-Olim val mutaallim» asarini Imom A’zam rohimahullohga tegishli emas deyish, sog‘lom tafakkurga ega bo‘lgan ilm ahlining tutadigan yo‘li emas. Chunki har qanday asar yanglish ravishda manbalarda boshqa olimlarga nisbat berib yuborilishi oddiy holdir. Bunday holatlar ko‘p uchraydi. Masalan, Abul Muin an-Nasafiyning “Bahr al-kalom” asari ba’zi manbalarda yanglish ravishda boshqa bir nasaflik olim – Abul Barakot an-Nasafiyga tegishli ekani qayd etilgan. Bunday chigalliklarni faqat tadqiqotlar isoh qilishi mumkin. 

Aslida biz «al-Olim val mutaallim» asarini shak shubhasiz Abu Hanifa Nu’mon ibn Sobit qalamiga mansub ekanini 2005 yil “Abul Muin an-Nasaifiy ilmiy merosi va uning moturidiya ta’limoti rivojiga qo‘shgan hissasi” mavzuidagi nomzodlik dissertatsiyamiz himoyasida isbot qilib bergan edik. Bugungi kunda ma’lum maqsadlarni ko‘zlab ilgari surilayotgan ana shunday noxolis iddaolara aynan shu nomzodlik dissertatsiyamiz asosida raddiya berib o‘tamiz:

Shuni alohida ta’kidlash joizki, ko‘pgina tadqiqotchilar «al-Olim val mutaallim» asarini Imom A’zam Abu Hanifaga tegishli ekanini bot-bot ta’kidlab kelganlar. Masalan, Abul Muin an-Nasafiyning “at-Tamhid li qavoid at-tavhid” asarining noshiri Jiybulloh Hasan ham «al-Olim val mutaallim» asarini Abul Muin an-Nasafiyga tegishli ekanligini rad etadi va Abul Muin an-Nasafiy ushbu asarni Abu Hanifadan rivoyat qilganini ta’kidlaydi. Olmon tadqiqotchisi U.Rudolf  esa, bu asarni hattoki Abu Hanifaga ham emas, balki Abu Muqotil as-Samarqandiyga (vaf. 208/823 y.) xos degan xulosaga keladi. Lekin ushbu asar haqidagi ma’lumotlarning aksariyati uni Abu Hanifaga xos ekanidan dalolat beradi. 

Bizning qat’iy fikrimiz shundan iboratki, «al-Olim val mutaallim» asari hech qanday shaksiz Abu Hanifa rohimahulloh qalamiga mansub asardir. Bu fikrimizga dalil shu: Moturidiya ta’limotining eng yorqin vakili Abul Muin an-Nasafiy o‘zining shoh asari – «Tabsirat al-adilla fi usul ad-din» kitobining «Muqallid(taqlidchi)ning imoni» nomli faslida, «Abu Hanifa «al-Olim val mutaallim» kitobida shunday zikr qilgan...», degan iborani ishlatadi. Quyida «Tabsirat al-adilla fi usul ad-din» asar nashrining 29-beti suratini ham havola qilyapmiz.

Abul Muin an-Nasafiy rohimahulloh 1026 yil tug‘ilib 1114 yil vafot etgan. Bizning qo‘limizda bundan ming yil avval yashab ijod qilgan olimning «al-Olim val mutaallim» asari Abu Hanifa rohimahullohga tegishli ekani aytib turilgan vaqtda, soxta salafiylarning tuhmatlariga ishonish mantiqsizlik hisoblanadi. Shuning uchun Imom A’zamning aqoid ilmiga oid bizgacha yetib kelgan barcha asarlari uning qalamiga mansub ekaniga qalbimizda zarracha shubha bo‘lishi mumkin emas. Alloh barchamizga tavfiq va hidoyat bersin!!!

BUTUN HANAFIY MAZHABDA KALOM ILMI MOTURIDIYA NOMI BILAN TANILGAN.

BUTUN HANAFIY MAZHABDA KALOM ILMI MOTURIDIYA NOMI BILAN TANILGAN.

Imom Murtazo Zabidiy “Ithof as-sodat al-muttaqin” asarida naql qiladi [2/14]:
“Imom Abu Hanifa, Abu Yusuf, Muhammad, Zufar va Abu Hanifaning o‘g‘li Hammodlar o‘zlari ilmda peshvo bo‘la turib, muxoliflar bilan kalom ilmi bo‘yicha o‘zlariga yarasha munozara qilganlar. Shuningdek, Imom Abu Hanifa o‘z zamonida ushbu ummatning mutakallimi bo‘lgan”.
So‘ngra imom Zabidiy imom A’zamning “al-Fiqh al-akbar”, “al-Fiqh al-absat”, «al-Olim val-mutaallim», “Vasiyat”, “Usmon al-Battiga maktub” kitoblari haqida so‘z yuritadi.
“Yuqoridagilardan ma’lumki, ushbu kitoblar imomning o‘z ta’lifotlaridandir. To‘g‘ri, mazkur kitoblarda tilga olingan bu masalalarni imom o‘zining Hammod, Abu Yusuf, Abu Muti’ Hakam bin Abdulloh Balxiy va Abu Muqotil Hafs bin Muslim Samarqandiy kabi (Alloh rahmat qilsin) shogirdlariga imlo qilib bergan.
Shuningdek, ayrimlari ularni jamlagan va quyidagi bir guruh imomlar ulardan qabul qilib olgan: imomning nabirasi Ismoil bin Hammod, Muhammad bin Muqotil Roziy, Muhammad bin Samoat, Nasir bin Yahyo Balxiy, Shaddod bin Hakam va boshqalar, sanadi imom Abu Mansur Moturidiyga qadar yetib boradi”.

MANA SHU KOMIL HANAFIYLIKDIR!

Ilmiy hay’at o‘z ishini boshladi

Ilmiy hay’at o‘z ishini boshladi

 2020 yil O’zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida Imom Moturidiy  xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil qilindi. Ushbu markazning ochilganiga qisqa muddat bo‘lgan bo‘lsa ham, u bir qator arab va musulmon davlatlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga hamda shartnomalar va anglashuv memaranumlari imzolashga muyassar bo‘ldi. Shu jumladan:

      - Islom olami fan, ta’lim va madaniyat bo‘yicha tashkiloti (ICESCO),

      - Turkiyaning Saljuq universiteti Imom Moturidiy markazi,

      - Al-Azhar majmuasi qoshidagi Islom tadqiqotlari markazi,

      - Al-Azhar majmuasi qoshidagi Imom Ash’ariy markazi bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilib, memarandumlar imzolandi. 

      Shuni ta’kidlash kerakki, bir necha oy oldin o‘z ishini boshlagan Imom Moturidiy markazi Imom Moturidiy va Imom Ash’ariy singari mutafakkir va ulamolarimizning merosini o‘rganish, o‘zaro tajribalar almashish va ilmiy tadqiqot sohalarida hamkorlik qilish maqsadida tashkil qilinganini eslatib o‘tishimiz lozim. Markaz ilmiy xodimlari hozirga qadar bir qator ilmiy ishlarni amalga oshirdilar. Misol uchun “Tavilot al-Quron” tafsirining so‘ngi juzlari o‘zbek tiliga tarjima qilindi. Bir qator ilmiy anjuman, simpozim va seminarlar o‘tkazildi. “Moturidiylik” jurnaliga maqolalar qabuli boshlandi. Shu qatori 2021 yilning 17-fevral kuni Imom Moturidiy halqaro ilmiy tadqiqot markazi Xalqaro ilmiy hayatining ilk majlisi bo‘lib o‘tdi.

      Hay’at majlisiga muftiy Usmonxon Alimov boshchilik qildi va majlisida dunyoning turli davlatlaridan 17 ta olim va mutaxassislar a’zo sifatida ishtirok etdi.

      Ular qatorida quyidagi olimlarni sanab o‘tishimiz mumkin:

      -Doktor Ahmad Sa’ad Damanhuriy, Misr Arab Respublikasidan.

      -Doktor Nazir Ayyad, Misr Arab Respublikasidan.

      -Doktor Rafiq Muhammetshin, Rossiya Federatsiyasidan.

      -Doktor Sa’id bin Abdulatif Fuda, Iordaniya Hoshimiy Qirolligidan.

      -Doktor Anjelika Brodersen, Germaniya Federativ Respublikasidan.

      -Doktor Davronbek Maxsudov, O’zbekiston Respublikasidan.

      -Doktor Hulya Alper, Turkiya Respublikasidan.

      Muftiy Usmonxon Alimov Xalqaro hay’at a’zolariga kun tartibida ko‘riladigan masalalarni taqdim qildi va barchani xalqaro markaz ochilganligi bilan tabrikladi. Uning kelajak ishlarida muvafaqqiyotlar tiladi. Tabrik so‘zini ham o‘qib eshittirdi. U o‘z so‘zida moturidiylik ta’limotini diniy ta’lim muassasalarida o‘qitish kerakligini va Islom olamida ushbu maktabning mo‘tadil ta’limotlarini targ‘ib qilish kerakligini ta’kidlab o‘tdi. Muftiy hazratlari o‘z nutqida shunday dedi:

      “Hurmatli Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Xalqaro ilmiy hay’ati a’zolari, olimlar va mutaxassislar, majlisimizda ishtirok etayotgan aziz mehmonlar! «Alam al-huda» – hidoyat bayrog‘i, «Imom al-huda» – hidoyat imomi, «Musahhih aqidati ahlis-sunna» – ahli sunna aqidasining to‘g‘rilovchisi, «Imom al-mutakallimin» – mutakallimlar imomi kabi sharafli nomlar bilan ulug‘langan Abu Mansur Moturidiy hamda uning ta’limoti ustida ilmiy izlanishlar olib borayotgan Siz azizlarni qutlashdan benihoya baxtiyorman.

      Ta’kidlash lozimki, O’zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 11 avgustdagi «Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4802-son Qarori bilan tashkil etilgan.

      Aslida ushbu markazning poydevoriga biroz oldinroq, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlarining 2016 yil 18 oktyabrda bo‘lib o‘tgan 43-sessiyasida so‘zlagan nutqlarida asos solingan edi.

      Biz Siz – azizlar bilan bundan bir yil avval, 2020 yil 3-5 mart kunlari Samarqandda «Imom Moturidiy va moturidiya ta’limoti: o‘tmish va bugun» mavzuidagi anjumanda ko‘rishish sharafiga muyassar bo‘lgan edik. Bugun esa, yangi tashkil etilgan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan xalqaro majlisda yana bir bor ko‘rishib turibmiz.

      Barchamizga ma’lumki, dunyo aholisining salkam 2 milliardini tashkil etuvchi ahli sunna musulmonlari ikki aqidaviy maktab – ash’ariylik va moturidiylik ta’limotiga e’tiqod qiladilar. Ushbu ikki ta’limotni qiyosiy o‘rganib chiqqan olimlarga ko‘ra, ular o‘rtasida asosan uchta masalada juz’iy farq mavjud. Shu nuqtai nazardan, ayrim oqim va guruh vakillari qanchalik harakat qilmasin, biz ushbu ikki aqidaviy maktabni ahli sunna doirasidagi o‘zaro juda yaqin va hamohang ta’limot sifatida e’tirof etamiz. Ishonamanki, bugungi globallashgan, g‘oyaviy va mafkuraviy qarama-qarshiliklar kuchayib borayotgan davrda asrlar osha sinovdan o‘tib kelayotgan ta’limot atrofida jipslashishimiz musulmonlar o‘rtasidagi birlik, hamfikrlilikni mustahkamlashda alohida ahamiyatga ega bo‘ladi.

      Shu munosabat bilan, Xalqaro ilmiy hay’at oldida turgan muhim vazifa va masalalarni muhokama qilib olsak.

      Birinchidan, Xalqaro ilmiy hay’at majlisini bir yilda kamida ikki marotaba o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

      Ikkinchidan, hay’at o‘z faoliyatini oshkoralik, shaffoflik, o‘zaro hamkorlik va hurmat, teng huquqlilik, ijodiy hamfikrlilik tamoyillari asosida olib boradi. Shundan kelib chiqqan holda, hay’at majlislarida ko‘riladigan masalalar ochiq ovoz berish yo‘li orqali qabul qilinadi.

      Uchinchidan, hay’at xalqaro jamoatchilikka mo‘‘tadil ta’limot, xususan, moturidiylikni targ‘ib qilish masalalarini muhokama qiladi, targ‘ibot mexanizmlarini belgilaydi. Shu bilan bir qatorda, diniy ta’lim muassasalarida aqida ilmiga oid fanlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha zarur taklif va tavsiyalarni beradi.                          

      To‘rtinchidan, hay’at Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining xalqaro ko‘lamdagi faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi va yordam ko‘rsatadi.

      Beshinchidan, hay’at majlisida qabul qilingan qarorlar ommaviy axborot vositalarida e’lon qilib boriladi, tegishli muassasa va mutaxassislarga yetkaziladi”.                

      Hay’at majlisida islomshunos olim Said ibn Abdullatif Fuda ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. Jumladan, barcha hay’at a’zolarini ilk majlis munosabati bilan qutlab, islom olamida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi o‘zining haqiqiy o‘rniga ega bo‘lishi lozimligiga urg‘u berdi. Nashr etilishi kerak bo‘lgan kitoblarni belgilab olish, ularni turli tillarga tarjima qilish va nashr etish bo‘yicha hay’at a’zolaridan iborat guruhlar tuzish lozimligi, har bir a’zo hay’at faoliyatini takomillashtirish yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini berishi kerakligi, umuman olganda, Markazni butun dunyoga tanitishdan oldin qanday mahsulotlar chiqarishni qat’iy belgilab olish maqsadga muvofiq bo‘lishini aytib o‘tdi.

      Ilmiy hay’at a’zosi doktor Hamza Bakriy majlisda muhokama qilingan masalalar yuzasidan o‘z takliflarini bildirib, Imom Moturidiy aqida maktabi va moturidiylik ta’limoti tarixini bosqichli tarzda o‘rganish kerakligini ta’kidlab o‘tdi.

      Bosniya va Gersegovina sobiq bosh muftisi Mustafo Cherich janoblari Ilmiy hay’at majlisida aytilgan fikr mulohazalarning hammasi ham o‘rinli fikrlar ekanligini aytib o‘tdi. Imom Moturidiy ta’limotini nafaqat Islom olamiga, balki butun dunyoga yetkazish kerakligi va bu ish katta ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Imom Ash’ariy va Imom Moturidiy ahli sunna imomlari ekanini bildirdi.

      Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Davronbek Maxsudov o‘z so‘zida markaz ochilganiga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsada, dunyodagi yirik ko‘p ilmiy tadqiqot markazlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga muvaffaq bo‘lganini bildirib o‘tdi. Misol uchun, Islom olami ilm, fan va madaniyat bo‘yicha tashkiloti (ICESCO) bilan memorandum imzolangani, shuningdek, Anqara universiteti Ilohiyat fakulteti hamda Saljuq universiteti Imom Moturidiy markazi bilan aloqalar o‘rnatilganligini ta’kidladi. Shu qatorda ko‘plab nufuzli olimlar ishtirokida bir qator onlayn seminarlar tashkil etilganligini ham aytib o‘tdi. Bular qatorida:

      - Professor Abdulloh Muhammad Abdulloh Ismoil Misriy, al-Azhar universiteti o‘qituvchisi.

      - Suriyalik olim, professor Adnan Muhammad Zarzur.

      - Askar Sabdin (Qozog‘iston  Respublikasi) va boshqa ko‘plab olimlarning nomlarini sanab o‘tishimiz mumkin.

      Hozirgi paytda markaz bir qancha ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan o‘zaro hamkorlik qilish maqsadida muzokaralar olib bormoqda. Shu jumladan, Misr Arab Respublikasi, Germaniya Federativ Respublikasi, Buyuk Britaniya, Rossiya Federatsiyasi, Malaziya Respublikasi, Indoneziya Respublikasi, Singapur Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iston Respublikasi va ko‘plab davlatlar bilan hamkorlik qilish sohasida ham ishlar olib borilmoqda.

      Shuni aytib o‘tish kerakki, Moturidiylik tadqiqotlari bo‘limi, “Ta’vilot al-Qur’on” kitobining 29-juzini o‘zbek tiliga tarjima qilish ishlarini yakuniga yetkazdi. Shu qatori Tarjimalar bo‘limi ham bir qator olimlar tomonidan yozilgan kitoblarni o‘zbek tiliga tarjima qilish ishlarini olib bormoqda. Misol uchun, misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhurayning “Sad as-Sug‘ur bi sirati ‘alam al-Huda Abi Mansur“ nomli kitobi tarjima qilinmoqda. Ilmiy hay’at majlisida doktor Davronbek Maxsudov maslahat kengashini tashkil etishni taklif qildi. Bu kengashga barcha ilmiy Hay’at a’zolari kiritiladi. Uni tuzishdan maqsad xorijdagi ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikda xorijiy grantlarni markaz faoliyatiga jalb qilishdan iboratdir. Shuningdek, markazning elektron platformasiga dunyo kutubxonalarida saqlanayotgan qo‘lyozmalarni keltirish katta ahamiyat kasb etishi ta’kidlab o‘tildi. Ushbu elektron platforma ulug‘ bobolarimizning ilmiy va ma’naviy merosini o‘rganishda yangilik yaratib berishi takidlandi. Shundan so‘ng muftiy Usmonxon Alimov o‘zining yakuniy so‘zida Imom Moturidiy  va  Imom Ash’ariy ikkisi ham Ahli sunna val jamoaga kirishini takidladi. Ular ummati Muhammadning ulug‘ namoyondalari hisoblanadi. Bu ikki imom dinni anglatishdagi noto‘g‘ri talqinlarga qarshi turdilar. Islom aqidasini to‘g‘ri shaklda sharhlab berdilar. Sof Islom aqidasi asosida jipslashish kerakligini ta’kidladilar. Muqaddas Islom dini bag‘rikenglik, tinchlik dini ekani, u asrlar osha terrorizmga qarshi kurashib kelayotgani va jamiyatga zarar keltiradigan illatlarga qarshi turganiga urg‘u berildi.