TAYINLOV

TAYINLOV

 

Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Karimov Jamoliddin Abdulxamidovich O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktorining ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Karimov Jamoliddin 1985 yil Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahrida tug‘ilgan. U 2010 yil Toshkent islom universitetini tamomlagan.

Karimov Jamoliddin Toshkent islom universiteti Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi, ilmiy kotibi, direktori v.b., O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Islom fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Nashrlar bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida mehnat qilgan.

Karimov Jamoliddin “101 ulug‘ sahobiy”, “Ilmdan boshqa najot yo‘q”, “Jaholatga qarshi ma’rifat”, “Dunyo ulamolari murojaati” kabi 40 ga yaqin kitob, risola va ilmiy maqolalar muallifi hisoblanadi.

OILA – BAXT QASRI

OILA – BAXT QASRI

 

Afsuski, bugun ayrim kishilar ushbu haqiqatni anglamayaptilar. Oila qurish katta mas’uliyat. U islom ta’limotiga ko‘ra “nikoh” bilan bog‘lanadi, “taloq” bilan oila buziladi. Jiddiy sababsiz oilani buzish esa, og‘ir gunohdir. Taloqdan so‘ng ayol kishi “idda” saqlashi – 3 hayz miqdorida boshqa turmushga chiqmay o‘tirishi shart. Aks holda keyingi nikoh bog‘lanmay, zino sodir bo‘lishi, tug‘ilajak farzand “valadi zino” bo‘lish xavfi bor. 

«Idda» so‘zi lug‘atda «sanash», «hisoblash» degan ma’nolarni bildiradi. Shariat istilohida esa «Idda – ayol kishi erining vafotidan yoki u bilan ajrashganidan so‘ng saqlashi lozim bo‘lgan muddatdir». Bu hukmning shariatga kiritilishi bir necha hikmatlarga egadir:

Birinchisi – idda orqali eridan ajragan ayolning homiladormi, yo‘qmi ekani aniqlanadi. Shu bilan nasl-nasab aralash-quralash bo‘lib ketishining oldi olinadi.

Ikkinchisi – idda orqali o‘lgan erning hurmati bajo keltiriladi.

Uchinchisi – er bilan birga o‘tkazilgan oilaviy hayotning hurmati yuzasidan ham darrov boshqa erga tegib ketmay, idda o‘tiriladi. Yana boshqa hikmatlari ham bor.

 

«Taloq» so‘zi lug‘atda «moddiy va ma’naviy tugunni yechish» degan ma’noni anglatadi. Shar’iy istilohda esa «Taloq – maxsus lafz ila nikohni ketkazish yoki halolligini nuqsonga uchratishdir». «Maxsus lafz»dan murod «taloq» yoki uning ma’nosini anglatuvchi lafzdir. «Nikohni ketkazish» esa nikoh aqdini yechib, oradagi ma’naviy bog‘lanishni yo‘qotish deganidir. Bu uch taloq ila yuzaga kelib, undan so‘ng taloq qilingan ayol o‘zini taloq qilgan kishiga halol bo‘lmay qoladi. «Halolligini nuqsonga uchratish» deganda, bir taloq qo‘ysa, uch taloq haqqidan bitta kamayib, xotinning unga halolligi nuqsonga uchrashi nazarda tutilgan. Dunyo tarixiga va hozirgi kunga nazar soladigan bo‘lsak, taloq masalasida turli tushuncha va hukmlar mavjudligini ko‘ramiz.

Ba’zilar taloq chegarasiz bo‘lishini xohlaydilar. «Erkak kishi xohlagan paytida, xohlaganicha taloq qo‘yaversa, hech kimning ishi bo‘lmasa va hech qanday hisob-kitob ham bo‘lmasa», deb orzu ham qilishadi. Arab johiliyatida xuddi ana shunday hukm bo‘lgan.

Albatta, bu hukm xususan, ayol kishi uchun katta zulmdir. U bechora eriga sal yoqmay qolsa, eri hech qanday mas’uliyatni his qilmay, qo‘yib yuboraveradi. Yana xohlagan paytida qaytarib olaveradi. Bu narsa istalganicha takrorlanishi ham mumkin. Bunda nikohning muqaddasligi, hurmati mutlaqo qolmaydi.

Ikkinchi yo‘l, avval aytib o‘tilganidek, taloqqa ruxsat bermaslik. Bu hukm avval ham bo‘lgan, hozir ham bor. Ba’zi masiyhiy diniga mansub mazhablar shunga amal qiladilar. Aslida bu hukm yaxshi niyat bilan joriy qilingan bo‘lishi mumkin. Lekin bu inson tabiatini hisobga olmagan hukmdir. Inson, nima bo‘lganda ham, inson. Turmushda nimalar bo‘lmaydi, deysiz. Turli sabablarga ko‘ra, er-xotin bir-biriga yoqmay qolishi, oilaviy turmushni davom ettirish mutlaqo mumkin bo‘lmay qolishi mumkin.

Bu turmush tajribalarida guvohi bo‘lib turilgan narsa. Natijada taloqni man qilgan jamiyatlarda ko‘plab muammolar chiqib yotibdi. Bir vaqtlar nikohdan o‘tib, er-xotin bo‘lgan kishilar allaqachon er-xotinlikni yig‘ishtirgan bo‘lsalar-da, rasmiy hujjatlarda er-xotin hisoblanadilar. Qaytadan oila qurishga rasman ruxsat yo‘qligi uchun ikkisi ham zino yoki o‘ynash tutish yo‘li bilan jinsiy hayot kechiradilar. Demak, bu hukm ham to‘g‘ri emas.

Uchinchi yo‘l islomiy yo‘ldir. Allohning oxirgi va mukammal dini – Islomda bu masalada o‘rtacha yo‘l tutilgan va taloqqa ruxsat berilgan. Ammo bu narsa ma’lum shart-sharoit va chegara doirasida bo‘lishi yo‘lga qo‘yilgan. Avvalo, taloq noiloj qolganda qo‘llaniladi. U Alloh uchun eng yomon ko‘rilgan haloldir. Bu narsalar avvalo, yaxshilab tushuntirilgan. Qolaversa, taloqning soni uch taloq bilan chegaralab qo‘yilgan. Uch taloqdan keyin xotin boshqa erga tegishi lozim bo‘lib qoladi.

Shu yerga kelganda, «Taloq qilish haqqi kimda bo‘lgani ma’qul?» degan masala ham ko‘ndalang bo‘ladi. Ba’zilar «Taloq qilish hukmi qozilik yoki sud mahkamasining haqqi bo‘lishi kerak», deyishadi. Ammo tuzukroq o‘ylab ko‘riladigan bo‘lsa, nikohni buzishdek nozik ish qozilik mahkamasiga xos ish emas. Chunki er-xotin orasidagi munosabatlarning hammasi ham begona kishilarni oraga solib, talashib-tortishadigan narsa bo‘lmaydi. Bunday holatda kim behayoroq, kim mahmadonaroq bo‘lsa, o‘sha yutib chiqaveradi. Buni hayotiy tajribalar ham takror-takror ko‘rsatib turibdi.

Shuningdek, «Taloq xotin kishining haqqi bo‘lishi kerak» degan fikr ham noto‘g‘ri. Avvalo, xotin kishi tabiatan achchig‘i tez, ehtirosi tufayli shoshib hukm chiqaruvchi bo‘ladi. Buning ustiga, u oila qurish uchun urinishda umuman hech qanday qiyinchilik ko‘rmagan va sarf-xarajat qilmagan bo‘ladi. Nikohning buzilishidan u unchalik moddiy zarar tortmay, yana yangidan mahr va sovg‘a olishi mumkin. Gapni qisqa qilsak, agar xotin kishiga taloq qilish haqqi berilsa, oilalar buzilishi ko‘payib ketishi tayin.

Islom esa taloq haqqini erkak kishiga bergan. Chunki erkak kishi oilada rahbar hisoblanadi. Oilaning obro‘si uning obro‘si bilan chambarchas bog‘liqdir. Shuning uchun oilani buzishdan oldin erkak kishi ko‘p o‘ylaydi. Bolalar ham otaning nomida bo‘ladilar, bu masala ham erkakni iloji boricha oilani saqlab qolishga undaydi. Oila qurish uchun barcha harakatlarni va sarf-xarajatlarni ham erkak qiladi. Xotinga mahr beradi, uy-joy hozirlaydi, to‘y qiladi va hokazo. Agar u xotin qo‘yib, yana yangidan uylanadigan bo‘lsa, bu savdolar ham yangidan boshlanadi.

Eng muhimi, musulmon er iloji boricha taloq qilmaslik ruhida tarbiya topgan bo‘ladi. Umuman, Islom jamiyatida taloqqa eng noxush narsa sifatida qaraladi. «Taloq qilishdan Allohning arshi larzaga keladi» degan tushunchaga ega bo‘lgan musulmon er o‘zining bu huquqini eng oxirgi chora sifatidagina qo‘llaydi. Zero, taloq hadisi sharifda ta’kidlanganidek, Alloh eng yomon ko‘rgan halol narsa hisoblanadi.

Musulmon shaxsning amaliy hayotiga oid shar’iy hukmlarni bayon qiluvchi fiqh kitoblarida taloq haqida batafsil so‘z yuritilishi insonning baxt-saodati uchun qo‘shilgan hissadir, desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

– Xulu’.

«Xulu’» so‘zi lug‘atda ko‘proq «kiyimni yechish» ma’nosida ishlatiladi. Chunki er-xotin Qur’on ta’biriga ko‘ra, bir-biriga kiyim o‘rnida bo‘ladi. Shariat istilohida «Xulu’ – xotin kishining arz qilib, bir narsa berib, eri bilan ajrashishidir». Er-xotinning birga yashashga ilojlari qolmasa, agar birga tursalar, gunoh ish sodir bo‘lishi muqarrar bo‘lib qolsa, xotinning erdan ko‘ngli to‘lmasa, ajrashishni istab, eriga fidya (to‘lov) berib, uni rozi qilib, ajrashib ketsa bo‘ladi.

– Jinsiy ojizlik.

«Jinsiy ojizlik» arab tilida «aniyn» deyiladi va bu so‘z ayolni istamaydigan erkakka va erkakni istamaydigan ayolga nisbatan qo‘llanadi. Shar’iy istilohda esa jinsiy olati bo‘lsa ham, ayollarga yaqinlik qila olmaydigan yoki juvonga yaqinlik qilib, bikrga yaqinlik qila olmaydigan, ba’zi ayolga yaqinlik qilib, boshqasiga qila olmaydigan erkak «aniyn» deyiladi. Bu ojizlik uning yaratilishidagi zaiflik, yoshi qari bo‘lganligi yoki sehrlangan bo‘lishi oqibatida vujudga keladi. Ana shunday odam uylanganidan keyin aybi zohir bo‘lganda qanday hukmlar joriy bo‘lishini quyida keladigan matnlar orqali o‘rganamiz. Er yaqinlik qila olmaganiga iqror bo‘lsa, qozi unga bir qamariy yil muhlat beradi. Ramazon va ayolning hayz kunlari ham hisoblanadi. Ikkovidan birining bemorlik muddati bunga kirmaydi. Agar o‘sha yil davomida er ayolga yetisha olmasa, ayol talab qilsa, qozi oralarini ajratib qo‘yadi. Shunda bir boin taloq tushadi.

 Manba:  Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf “Mukammal saodat yo‘li” kitobidan

 

 
 
 
Hamkorlikning yangi ufqlari

Hamkorlikning yangi ufqlari

Kuni kecha Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Islom taraqqiyot banki (ITB) Boshqaruvchilar kengashining 46-yillik anjumani doirasida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda ITB vakillari o‘rtasida uchrashuv tashkillashtirildi.

Mazkur uchrashuvda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori B.Mamadiyev, Talabalar (xorijiy) bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i N.Abdullajonov, Islom taraqqiyot bankining davlat dasturlari bo‘yicha prezident o‘rinbosari doktor Mansur Muxtor, Islom taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari X.Xasanov ishtirok etdi.

Muloqotda Akademiya tarkibida “Smart room” tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori B.Mamadiyev va Islom taraqqiyot bankining davlat dasturlari bo‘yicha prezident o‘rinbosari M.Muxtor o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi. Mazkur kelishuv loyihasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2021-yil 18-avgustdagi 08-03/5045-sonli xati bilan muvofiqlashtirilgan.

M.Muxtor bu hujjatning imzolanishi ikki tashkilot o‘rtasida ta’lim, fan va madaniyat sohalarini keng ko‘lamli rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikka yo‘l ochilishiga zamin yaratishini ta’kidladi.

Shuningdek, Islom taraqqiyot bankining davlat dasturlari bo‘yicha prezident o‘rinbosari M.Muxtor tashkil etilayotgan auditoriyani so‘ngi zamonaviy texnik o‘quv vositalari va jihozlari bilan to‘liq ta’minlashlarini aytib o‘tdi va kelgusida bunday hamkorlikni davom etishiga umid bildirdi.

Uchrashuv so‘ngida, ITB rahbariyati Akademiya vakillariga samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv uchun o‘z minnatdorchiligini izhor etdi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

BIR INSON TAQDIRI O‘ZGARISHI, BAXTIYOR YASHASHIGA HISSA QO‘SHISH – ULKAN SAODAT

BIR INSON TAQDIRI O‘ZGARISHI, BAXTIYOR YASHASHIGA HISSA QO‘SHISH – ULKAN SAODAT

 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston” gazetasi bosh muharririga bergan intervyusini katta qiziqish, zo‘r hayajon bilan o‘qib chiqdim. So‘zlarga e’tibor qaratdim: eng ko‘p ishlatilgan so‘zlar “Vatan”, “xalq”, “Milliy manfaat”, “obodlik”, “Yangi O‘zbekiston”, “yoshlar”, “adolat”, “taraqqiyot” ekani mendagi hayrat va shukronalik hissini chandon oshirdi.

Intervyuda so‘nggi 5 yil davomida mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar va ularning samarasi, erishilgan yutuqlar shunchalik samimiyat bilan kamtarona tushuntirib berilganki, sog‘lom fikrli har bir inson yuragiga, qalbiga yetib boradi. Ko‘z oldimizda ro‘y bergan, ammo ko‘pchiligimiz ilg‘amagan, tabiiy, shunday bo‘lishi kerakdek tuyulgan har bir yangilik, har bir tashabbus va o‘zgarishlar zamirida qanchalik matonat, uzoqni ko‘ra bilish va mavjud muammolarga ko‘z yummasdan, yechimiga jonfidolik ko‘rsatib, mamlakat taraqqiyotida yangi, tub burilishlar amalga oshirilgani yaqqol namoyon bo‘ladi.

Buni quyidagi fikrlarda ham his qilish mumkin: “Afsuski, mamlakatimizda tezlik bilan hal etish kerak bo‘lgan o‘tkir muammolar boshqa sohalarda ham yig‘ilib qolgan edi. Hammasi joyida, degan kayfiyat bilan ularni bilib-bilmaganga, ko‘rib-ko‘rmaganga olib, g‘aflat uyqusiga botib yuraverish ham mumkin edi. Lekin bu o‘zimizga, xalqimizga, kelajakka nisbatan xiyonat bo‘lardi”.

Darhaqiqat, Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida ishni boshlagan kunlardanoq mustaqillikning dastlabki yillarida erishilgan yutuqlarga mahliyo bo‘lmasdan, mustabid tuzum davridan va bir necha o‘n yilliklar davomida o‘tib kelayotgan mavjud muammo hamda o‘zibo‘larchilik kayfiyatida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni ro‘y-rost ko‘tarib, ularni tez fursatda, adolatli hal qilishga kirishdi. Buni zahmatkash va ilm-ma’rifatga tashna xalqimizning eng og‘riqli muammosi bo‘lib kelgan o‘zligini tiklash va kelajak avlodlar manfaati uchun to‘liq saqlash, diniy e’tiqodi hamda so‘z erkinligidek qaltis va zalvorli mavzulardagi turli cheklov va sun’iy to‘siqlarni bartaraf etish maqsadida boshlangan keng qamrovli islohotlarda ham yaqqol ko‘rish mumkin.

Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda har bir sohada amalga oshirilgan islohotlar mohiyatida xalqimizning ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-madaniy yuksalishiga, milliy o‘zligini idrok etishiga, qaddini tiklab, qadrini anglashiga ustuvor ahamiyat qaratilib, shu asnoda mamlakat va elning iqtisodiy, ijtimoiy taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish muddaosi mujassam bo‘ldi. Buning samarasida esa xalqimiz o‘z tarixida necha bor bosib o‘tgan noyob hodisa – Renessans – uyg‘onish, qayta tiklanish, yuksalish bosqichiga erishayotgani ham dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etilayotgan haqiqatdir.

Intervyudagi diniy-ma’rifiy sohadagi o‘zgarishlar haqidagi fikrlar ham e’tiborga molik va xalqimiz uning mazmun-mohiyatida qanday buyuk maqsadlar borligini bugun faxrlanib e’tirof etmoqda.

Yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada so‘nggi besh yilda amalga oshirilgan o‘zgarishlar va erishilgan yutuqlar chindan ham avvalgi yo‘qotilgan yillar o‘rnini to‘ldirdi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu e’tirof xalqimiz tomonidan alohida quvonch bilan bildirilmoqda. Haqiqatan, qalbdagi, imon-e’tiqoddagi kemtiklik, ta’bir joiz bo‘lsa, jarohat o‘rnining bitishi uchun malham, imkoniyat berildi.

Bugun barcha sharoit va imkoniyatlarga ega, baxt ichida tug‘ilib, shodu xurram hayot kechirayotgan yoshlarda savol tug‘ilishi mumkin: jarohat nimada edi?

Sobiq ittifoq davrida xalqimizning dinga e’tibori, ibodat e’tiqodi shu darajada “bo‘g‘ilgan” ediki, “din – afyun” g‘oyasidan kelib chiqib, namoz o‘qigan, hatto o‘z ota-onasining ta’ziyasida ishtirok etgan odam “jinoyatchi” sifatida lavozim vazifasidan bo‘shatilgan yoki ma’muriy, hatto jinoiy jazo choralari ko‘rilganini keksa avlod unutgani yo‘q. Bu – bugungi yoshlarimiz o‘zlariga xulosa chiqarishi kerak bo‘lgan achchiq haqiqat.

Yana bir jihat: Vatanimiz mustaqilligining dastlabki yillarida ezgu, hur, taraqqiyparvar fikr va tashabbuslar bilan birgalikda ayrim g‘arazli kuchlar ta’sirida, afsuski, turli nomaqbul g‘oya va “ommaviy madaniyat” singari xatarlar ham kirib keldi. Hali oq-qorani to‘liq anglamagan ayrim yoshlar, ming taassufki, ana shu aldov va yolg‘on va’dalarga bilib-bilmay ergashib, ko‘p holatda aziyat chekdi. Bu borada ham Prezident Shavkat Mirziyoyev yuksak bag‘rikenglik namoyon qildi, siyosiy irodasi bilan 20 mingdan ziyod eldoshimiz “maxsus qora ro‘yxatlar”dan chiqarildi. Xatolari kechirilib, aziz hayotini to‘g‘ri yo‘lda davom ettirishiga imkon berildi. Bu odil qaror esa dunyoning nufuzli davlat va tashkilotlari tomonidan ham tan olinib, bag‘rikenglik siyosatining yorqin namunasi sifatida e’tirof etilmoqda. Adolatli e’tirof. Shunday emasmi?! Aslida, bu yoqimli hissiyotni mazlum holida adolat ko‘rgan insonlar ko‘proq tuyadi. Joylarga chiqqanimizda bu tuyg‘uni ana shunday insonlarning ko‘zlarida porlab turgan minnatdorlik nurlarida ko‘rdik.

Ayniqsa, Prezidentimizning tashabbusi bilan 5 marotaba “Mehr” operatsiyasi doirasida dunyoning turli nuqtalarida bo‘layotgan urush o‘choqlaridan necha-necha hamyurtlarimiz, ayollar va bolalarning yurtimizga olib kelinishi, ular uchun munosib turmush sharoiti yaratib berilishi – oqibat, mehr ko‘rsatilgani yaqin va uzoq tarixda kuzatilmagan insonparvarlik namunasi, desak, xato bo‘lmaydi. Shu o‘rinda Misr Arab Respublikasining Qohira shahrida xizmat safarida bo‘lganimizda xorijlik jurnalistlar bilan suhbatimiz yodimga tushdi. Ular yurtimizdagi “Mehr” operatsiyasi tafsilotlari bilan tanishib, O‘zbekiston liderining tashabbusi “Buyuk insonlarga xos bag‘rikenglik namunasi bo‘ldi”, deya ta’kidlagan edi.

Yangi O‘zbekiston nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda barcha sohalar qatori ma’naviy-ma’rifiy masalalarga oid tashabbuslarni ham dadil o‘rtaga qo‘ymoqda. Mamlakatimiz tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasini qabul qilish bo‘yicha ilgari surilgan tashabbus xalqaro jamoatchilik tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi va hayotga tatbiq etilmoqda. Bu xayrli tashabbusning ezgu samarasini butun dunyo ahli o‘z taqdirida ko‘rajak!

Intervyuda ta’kidlanganidek, islom dini rivoji yo‘lida beqiyos xizmat qilgan buyuk muhaddis bobolarimizning diniy, ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib etish maqsadida Samarqandda – Imom Buxoriy, Surxondaryoda – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, shuningdek, Toshkentda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ish olib bormoqda. Shuningdek, 3 ta yirik oliy diniy ta’lim va 10 ta o‘rta maxsus islom bilim yurtlari faoliyat yuritmoqda.

Darvoqe, 1971-yilda Toshkent islom instituti diniy maqsadlardan ko‘ra ko‘proq siyosiy qarashlar tufayli tashkil etilgan bo‘lsa, bugun mazkur muassasa tom ma’noda haqiqiy diniy-ma’rifiy soha mutaxassislarini tayyorlaydigan fayzli ilm-fan maskaniga aylandi. Unda xorijning ham taniqli olim va mutaxassislari kelib faoliyat ko‘rsatmoqda.

Samarqanddagi Hadis ilmi oliy maktabi eng zamonaviy, raqamli texnologiyalar asosida tashkil etildi. Joriy yilgi qabul jarayonlari esa shaffof, talabchanlik bilan yangi tartib-tamoyillar asosida amalga oshirildi.

Quvonarlisi, bir vaqtlar butun dunyoga o‘zini ko‘rsatgan Mir arab oliy madrasasi bugun o‘z qaddini yana tiklamoqda. Chindan ham bu yurtning yuksak salohiyatli mutaxassislari Yaqin Sharq hududlarida ham e’tibor va hurmat qozongan. Ushbu ta’lim maskanida bilim olayotgan yoshlarimiz ajdodlariga munosib bo‘lishi shubhasiz. Binobarin, hozirda diniy ta’lim o‘quv dasturlari yanada takomillashtirilmoqda. Yoshlarimiz eng zamonaviy sharoitlarda, ilg‘or fan dasturlari asosida ta’lim olayotgani quvonarli.

Toshkent shahrida barpo etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xususida alohida to‘xtalib o‘tish joiz. Zotan, xalqimizning boy diniy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va dunyoga targ‘ib etish, yosh avlodni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda beqiyos maydon bo‘ladigan mazkur ilm-ma’rifat markazi hozirdanoq o‘z mahobati, amalga oshirayotgan ma’naviy, ilmiy tadqiqot faoliyati bilan butun dunyo havasini keltirmoqda.

Haqiqatan, bugun “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi yangi qonun qabul qilingani jamiyatdagi juda ko‘p masalalarni yechdi. U xoh diniy ta’lim yoki jamiyatdagi faoliyat ma’nosida bo‘ladimi – mutlaqo yangi qonun o‘z vaqtida qabul qilindi. Ushbu qonunning ishlab chiqilishi, tahrirdan o‘tkazilishi jarayonlarida ham muhtaram Prezidentimizning bevosita ishtirok etganini faxrlanib aytishimiz kerak. Zero, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun o‘zining xalqchilligi va jamiyatdagi barcha masalalarga eng haqqoniy va adolatli javob berishi bilan ahamiyatlidir.

Birgina misol, shu kunga qadar diniy tashkilotlarni ochish masalasida ham juda katta muammolar bor edi. Bitta tashkilotni ochish tugul, o‘sha tashkilotni ta’mirlash, g‘ishti tushib ketsa, qaytadan qo‘yish uchun ham ruxsat olish natijasi mavhum qat’iy talab edi. Aytish kerak, so‘nggi yillarda yurtimizning olis-yaqin hududlarida 60 ga yaqin yangi masjid qurildi. 540 dan ziyod masjid butunlay zamonaviy uslubda qaytadan ta’mirlandi. 100 dan ziyod masjidda kapital va joriy ta’mirlash jarayoni ketmoqda. Shu o‘rinda boshqa diniy konfessiya vakillariga bo‘lgan e’tibor ham ortib bormoqda. Oxirgi uch yilni oladigan bo‘lsak, boshqa dinlarga mansub bo‘lgan 21 ta diniy tashkilot ochildi va ular faoliyat yuritayotgan inshootlar ta’mirlandi. Ya’ni diniy bag‘rikenglik tamoyili jamiyat hayotida to‘laqonli o‘z ifodasini topdi.

Yana bir muhim masala: yaqin kunlarda Haj va Umra ziyorati qayta tiklanadi. Albatta, pandemiya tufayli ushbu muqaddas diniy amallarni bajarish imkoniyati cheklanib qoldi. Biroq o‘z o‘rnida e’tirof etish lozimki, Haj ziyorati uchun ilgari 3,5 mingta kvota ajratilgan bo‘lsa, 2017-yilda bu ko‘rsatkich 5 mingtaga ko‘tarildi. So‘nggi 2 yil oldin mazkur raqamlar 7200 taga yetdi. Shuningdek, oxirgi yillarda 10 ming nafar musulmon Umra ziyoratini bajarish imkoniyatiga ega bo‘lgan edi. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida sakkizta viloyatda Umra amalini bajarish uchun talabgorlarning navbatda turishiga ehtiyoj qolmadi: bugun ariza bersa, ertaga uchib ketishi mumkin bo‘ldi. Buni yaqin o‘n yillarda ham hatto tasavvur qilish juda qiyin edi. Shu tariqa, diniy ehtiyojlar nafaqat qog‘ozda, balki amaliyotda to‘laqonli ta’minlanmoqda. Bularning barchasi yurtimiz mo‘min-musulmonlari tomonidan alohida quvonch va shukronalik bilan qabul qilinayotir.

Diniy adabiyotlarni chop etish masalasida erishilgan yutuqlar va imkoniyatlar ham tahsinga loyiq. So‘nggi besh yilda shu qadar ko‘p diniy adabiyotlarga ruxsat berildiki, boshqa xorijiy manbalarni izlash, qidirishga hojat qolmadi. Belgilangan tartibda chop etilishga ruxsat berilgan adabiyotlarning 60-70 foizi moʻtabar manbalarning asliyatdan tarjimasi hisoblanadi. Qolganlari esa bevosita yangi diniy adabiyotlar bo‘lib, bugungi kunda xalqimizni qiziqtirayotgan yo‘nalishlar va ehtiyojlardan kelib chiqilgani bilan ahamiyatli. Aytish mumkinki, bu borada ham tom ma’noda Uchinchi Renessansga poydevor qo‘yildi.

Albatta, bugun zamon bilan hamnafas bo‘lish barobarida diniy-ma’rifiy saytlar tashkil etilishiga ham ahamiyat berilmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasiga tegishli 14 ta hududdagi 100 dan ortiq diniy-ma’rifiy saytlar aholining barcha diniy sohadagi muammolari, savollari, turli ehtiyojlariga to‘laqonli javob berib kelmoqda. Muslim.uz saytida onlayn tarzda savol-javoblar rukni tashkil etilgan. Bu ruknga foydalanuvchi xohlagan paytida murojaat qilib, har qanday masalaga diniy nuqtai nazardan tezkorlik bilan javob olishi mumkin.

Xulosa qilib aytish mumkinki, diniy-ma’rifat, vijdon erkinligi sohasidagi islohotlar Prezidentimiz intervyusida muxtasar bayon etilgan bo‘lsa-da, uning samarasi ko‘pmillatli va tabiiyki, ko‘pkonfessiyali xalqimiz hayoti, farovon turmushi, yorqin istiqboli, farzandlar kamoloti va orzu-istaklari ro‘yobida o‘z ifodasini topmoqda.

Muzaffar KOMILOV,

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita

raisining birinchi o‘rinbosari,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori

“Yangi O‘zbekiston” gazetasi

2021-yil 28-avgust, 174-son